«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi: Yangi strategiya qanday bo‘ladi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini belgilab bergan edi. Bugun ushbu masalaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2023 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qisqa fursatda natija bera boshladi. Oxirgi ikki yilda kambag‘allik 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik esa 4,9 foizgacha kamaydi.
Iqtisodiyot hajmi o‘sdi – yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollarga yetdi. Eksport va xorijiy investitsiyalar hajmi ham sezilarli oshdi. Turizm va ta’lim sohalarida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.
Ikki yil avval 2030 yilga mo‘ljallangan ayrim ko‘rsatkichlarga endi 2026 yilning o‘zida erishish kutilmoqda. Kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangilanayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi bir nechta muhim jihatlari bilan ajralib turadi. Avvalo, undagi barcha maqsad va ko‘rsatkichlar Prezidentimiz belgilab bergan yangi marralarga moslashtirildi.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning vazifalari aniq ko‘rsatildi, har bir maqsad uchun moliyaviy manbalar belgilandi. Endilikda soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha barcha dastur va strategiyalar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga mos holda ishlab chiqiladi.
Shuningdek, kelgusi yilda 50 dan ortiq yangi konsepsiya va strategiyalar qabul qilinishi rejalashtirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter