Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zulfiya mukofotiga saralash imi-jimida o‘tkaziladimi?

Zulfiya mukofotiga saralash imi-jimida o‘tkaziladimi?

Davr o‘zgarmoqda. Prezidentimiz kuyib pishib adolat, haqqoniylik, oshkoralik haqda so‘zlamoqda. Kimlargadir bu ta’sir etayapti, kimlardir esa hamon uyquda.

Zulfiya mukofoti meni hech qachon qiziqtirmagan. Sababi, jarayon adolatli o‘tmasligi haqdagi gap-so‘zlarni siz qatori, men ham eshitganman. Lekin hozir barcha jabhalar o‘zgarmoqda. Shu o‘zgarishlar meni bu yil Zulfiya mukofotiga hujjat topshirishga undadi. Bu yil boshqacha bo‘ladi, chegara yoshi 30 qilib belgilandi, endi saralash ham adolatli bo‘ladi, degan fikrni o‘zimga singdirdimda, sentyabr oyida Respublika xotin-qizlar qo‘mitasiga uchradim.

Ular hujjatlarni o‘z tumanimdagi bo‘limga topshirishimni aytishdi. Hokimiyatda joylashgan xotin-qizlar bo‘limiga sentyabr oyi oxirida borganimda, hali yangi nizom tasdiqlanmaganini, hujjatlarimni ololmasliklarini aytishdi.

Keyin esa hujjatlarni mahalla qo‘mitasi yig‘ayotganini bildim. Mahallaga chiqib, kerakli hujjatlar ro‘yxati ularda ham yo‘qligini ko‘rdim. Internetdan esa topib bo‘lmadi: Xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy saytida na Zulfiya mukofotiga saralash boshlangani haqda xabar bor, na yangi nizom. Men mahallaga o‘zim bilgancha barcha kerakli hujjatlarni yig‘ib, agar kami bo‘lsa qo‘ng‘iroq qilishlarini aytib, oktyabr oyining birinchi yarmida topshirib keldim.

Noyabr oyining boshida meni tumanimiz xotin-qizlar qo‘mitasiga chaqirishdi. Demak, saralash boshlandi, deb bordim. Ammo borgach bildimki, saralash jarayoni oktyabrning oxirida o‘tkazilibdi, g‘oliblar keyingi bosqichga o‘tibdi.

Men nega qolib ketdim, degan haqli savol tug‘ildi. Hujjatlarim yig‘ilgan papka hamon mahalla qo‘mitasi javonida chang bosib yotgan ekan. Men ularga uchrashib: maqsadimni bayon qilganman, manzilimni bilasizlar, nahotki saralash bosqichiga chaqirish qiyin bo‘lsa, shunchaki eslaringdan chiqib qoldimmi? Qolgan ishtirokchilarni yoddan chiqarmapsizlar-ku? Adabiyot bo‘yicha kim o‘tibdi, xo‘sh, dedim. Maktab o‘quvchisi, yoshlar ittifoqi yetakchisi? Ha, tushunarli... Ismi nimaydi? Esimda yo‘q. Siz ham eshitmagansiz, sababi biror ijodiy ishini o‘qimagansiz!

Hammasi tasdiqlanib bo‘ldi, endi kech deyishdi. Kelasi yil topshirar ekanman. 30 yoshga to‘lgandan so‘ng olmasliklarini o‘zlari ham yaxshi bilishadi. Komissiya ballarni qo‘yib bo‘lgan, biz sizni qo‘sholmaymiz, deyishdi. Agar meni qo‘shishsa, tanish-bilishchilik bo‘ldi, deb o‘ylasharmish qolganlar. Nega men shunday o‘ylamasligim kerak? Balki meni kuchli raqib sanab, o‘z tanishlarini o‘tkazishganu, meni «unutib» qoldirishgan, degan shubhaga bormasligim kerakmi?

Men shikoyat yozaman dedim. Ular hushyorlanib «unday bo‘lsa, ertaga sizni komissiyadan o‘tkazamiz», deyishdi. Men kerakli hujjatlarni, nihoyat ulardan olishga erishdim. Kamini to‘ldirib, ertasiga tayyorgarlik ko‘rib aytilgan joy – mahalla qo‘mitasiga keldim. Mana, aytilgan soatdan ham o‘tdi, ammo hech kim yo‘q...

Surishtirsam, ular o‘ta band ekanlar. Bekorchilikdan shu tanqidiy maqolani yozib o‘tiribman. Bilaman, ular bugun kelmaydi va men og‘ir papkam va videoyozuvli noutbugimni quchoqlab uyga qaytaman. Shunday o‘ylaysizlar, to‘g‘rimi? Yo‘q, men «seni unutib qo‘yibmiz-da, qizaloq, kelasi yil topshirarsan», deb sochimni silasa barini unutib ortga qaytadigan odam emasman. Bu yerda gap mukofot olishda emas! Gap nohaqlikda!

Shunchaki ustingizdan kulishsa, alam qilmaydimi? Respublika bosqichiga yetishimga ishongan ustozlarim, do‘stlarimga hatto tumandan ham o‘ta olmadim, deyinmi? Men adabiyot bo‘yicha keyingi bosqichga o‘tgan qizning ijodi bilan menikini solishtirishlarini talab qilaman!

Eslaridan chiqib qolganim, mening aybim emas. Hamma holatda ham istisno qilish va qayta saralash mumkin. Ovoragarchilikni xohlamayapsizmi yoki? Mening 21 xil (!) nomdagi hujjatlarni yiqqanim ovoragarchilik emasmi?

Hujjatlar mavzusi alohida maqolaga arziydi. (Men turmushga chiqib ketgan bo‘lsam, dadamning ishxonasidan «shu yerda ishlaydi» degan «spravka» nima uchun kerak bo‘lishi mumkin?)

Xullas, men ularning faoliyatidan noroziman. Xotin-qizlar qo‘mitasidan ko‘ngil qolib bo‘ldi. Maqoladan so‘ng mabodo (bunday qilishlariga ko‘zim yetmaydi), qayta komissiya tuzilsa ham, men unga bormayman! Menga bu mukofotning keragi bo‘lmagan, endi ham bo‘lmaydi. Adolat bo‘ladimi-yo‘qmi, shuni bilgim kelgandi. Essiz, Zulfiya degan go‘zal nom...

Ushbu fikrlarimlarni o‘qiganlardan so‘rardimki, mening ko‘nglimda hasad, mukofotparastlik yo‘q, shunchaki nohaqlikni yomon ko‘raman. Agar g‘olib bo‘lgan qiz ijodiga tan berganimda edi, unutib qoldirishsa ham, zarra achinmasdim. Men, shunchaki, o‘z huquqim buzilgani haqida sizlarga oshkor qildim, xolos.

Maslahatim, zaringiz yo zo‘ringiz bo‘lmasa, bekorga vaqt yo‘qotib, hujjatbozlik qilib yurmang. O‘tgan vaqtim va ovoragarchiligimga achinaman, uning o‘rniga yaxshi bir hikoya yozishim mumkin edi. Shunday xulosaga keldim ham: faqat ijod bilan eng yuksak mukofot — xalq mehrini qozonish mumkin. Noutbukni yopdim va maqolani sizlarga ulashish uchun yo‘lga chiqdim...

2018-yil, 6-noyabr.

Nodirabegim Ibrohimova


Muallif haqida

Nodirabegim Ibrohimova 1989-yili tug‘ilgan. O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetini tamolagan. Yozuvchilar uyushmasining «Iste’dod maktabi VIII» yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. «Yoningdagi baxt», «Jodugar yoxud ming yillik hayot» nomli nasriy, «Dunyodagi eng baxtli odam», «Pishiriqlar» nomli tarjima kitoblari chop etilgan. Qisqa hikoyalari AQSh va Hindistonda chop etilgan. «Mitti hikoyalar» kitobi to‘plovchisi. 2017-yilda xalqaro «Open Central Asia Book Forum & Literature festival» tanlovida finalchilar qatoriga kirgan. Yoshlar ittifoqining «Yilning eng yaxshi yosh ijodkori» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring