Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirusga doir cheklovlar tashqi savdoga ta’sir etmaydi

Koronavirusga doir cheklovlar tashqi savdoga ta’sir etmaydi

Respublikamizda koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha keng miqyosdagi chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Bu bo‘yicha 2020 yilning 19 mart kuni Prezident tomonidan tegishli farmon qabul qilingani esa yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjatda bojxona tartib-taomillarida ham bir qator yengilliklar joriy qilish nazarda tutilgan.

Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo‘yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo‘llamaslik, «yashil yo‘lak»lardan mahsulot o‘tkazishni ko‘paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa ichki bozorlarni mahsulotlar bilan uzviy ta’minlashda juda katta rol o‘ynaydi.

Bir so‘z bilan aytganda koronavirusga doir cheklovlar tashqi savdo opearsiyalarining uzluksiz amalga oshirilishiga ta’sir etmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Respublikamizdan tovarlar eksporti yoki importi nafaqat temir yo‘l yoki avtotransport orqali, balki havo yo‘llari orqali ham amalga oshirilishini inobatga olsak, poytaxtimizdagi «Aviayuklar» bojxona posti ham ish jarayoni qizg‘in kechmoqda. Bu yerda saqlanayotgan tovarlarning asosiy qismini dori-darmonlar, oziq-ovqatlar, gigiyenik vositalar, bolalar ozuqalari va boshqa mahsulotlar tashkil qilmoqda.

Birgina 19 mart sanasida mazkur postda 10 tonnadan ortiq yuklar eksportga chiqarilgan bo‘lsa, havo yo‘llari orqali olib kirilgan salkam 38 tonna tovarlar, shu jumladan oziq-ovqatlar ichki bozorga yo‘naltirildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, so‘nggi 5 kun (15-19 mart) davomida respublikamiz bo‘ylab, davlat bojxona xizmati organlari xorijdan keltirilgan 13,7 mln. AQSh dollari qiymatidagi 35 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlarini import bojxona rejimiga rasmiylashtirishdi.

Jumladan,

19 ming tonna kartoshka,

3217 tonna o‘simlik yog‘i,

4133 tonna un,

2308 tonna shakar,

568 tonna guruch, grechka va turli yormalar,

439 tonna go‘sht,

275 tonna makaron,

305 tonna vafli va pechenelar,

269 tonna konservalangan sabzavotlar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, ichki bozorlarga yo‘naltirilgan.

Respublikamizdan esa 15-19 mart kunlari xorijiy davlatlarga 79.8 mln. AQSh dollari qiymatidagi 80 ming tonnadan ortiq tovarlar eksport qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring