Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Tramp josuslik faoliyatiga doir maxfiy farmon imzolagani ma’lum bo‘ldi

Prezident Tramp josuslik faoliyatiga doir maxfiy farmon imzolagani ma’lum bo‘ldi

Prezident Donald Tramp hamda MRBning ilk ayol rahbari Jina Haspel.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat josuslik idorasi – Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) faoliyatiga doir maxfiy farmonga imzo chekkan. Bunga ko‘ra, MRBga bir qator mamlakatlarga nisbatan kiberhujumlarni amalga oshirish uchun keng huquqlar beriladi. Endilikda josuslik idorasi tezkor operatsiyalar chog‘ida har bir qadamini Oq uy bilan kelishishi shart emas.

MRB kompyuter yordamida kiberoperatsiyalar amalga oshirish borasida kengroq huquqqa ega bo‘ladi. Ilgari agentlar bu borada o‘z rejalarini miridan sirigacha ma’muriyat bilan kelishib olishi, shuningdek, bu jurayonda AQSh tashqi siyosati tamoyillariga muvofiq harakat qilishi lozim edi. Masalan, 2010 yilda AQSh va Isroil maxsus xizmati Stuxnet kompyuter virusi yordamida Eron yadro ob’yektlari boshqaruviga jiddiy zarar yetkazishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu kiberhujum orqali Eronning yadro dasturi bo‘yicha tadqiqotlariga xalal berish ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, ushbu operatsiya uchun shaxsan prezident Barak Obamadan ruxsat olingan va bir qator idoralar o‘zaro kelishib ish tutgan.

Endilikda AQSh josuslik idorasiga Rossiya, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya kabi «raqib mamlakatlar»ga kompyuter hujumlarini amalga oshirishda kengroq vakolatlar beriladi. Bu o‘rinda gap javob zarbalari xususida ketmoqda. Sir emas, rasmiy Vashington mazkur davlatlarni saylov jarayoniga noqonuniy aralashish va axborot urushida (Rossiya), kiberjosuslik va intellektual mulk o‘g‘riligida (Xitoy), bank tizimlariga hujumda (Eron) hamda Hollivud kompaniyalariga axborot hujumlari amalga oshirishda (Shimoliy Koreya) ayblab keladi.

2018-yil sentyabrda AQSh prezidentining xavfizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton mamlakat rahbari maxsus xizmatlarning kibermakondagi operatsiyalar borasidagi vakolatlarini kengaytirganini ma’lum qilgan edi. Oradan salkam ikki yil o‘tib ma’lum bo‘lishicha, bu borada prezident tomonidan maxsus maxfiy farmon imzolangan. 

Ta’kidlash joizki, maxsus xizmat avvalgi prezidentlar Jorj Bush va Barak Obama davrida ham o‘z imkoniyatlarini kengaytirishga uringan. Ammo mazkur ikki davlat rahbari josuslik idorasi ustidan qat’iy nazoratni ma’qul ko‘rgan. Demak, MRB azaliy maqsadiga Donald Tramp davrida erishmoqda.

Yangi farmonga ko‘ra, MRB dushman ob’yektlariga kompyuter orqali hujumlar uyushtirishi, ularni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, maxfiy xizmat u yoki bu tashkilotni fosh qiluvchi materiallar chop etishda ham erkinroq faoliyat yuritadi. Yangi farmon MRBni nishonga olingan xususiy yoki nodavlat tashkilotning muayyan davlat tuzilmasiga daxldorligini isbotlash majburiyatidan ham ozod qiladi.

«Ilgari muayyan tashkilot hukumat bilan bevosita bog‘liqligini isbotlash uchun yillar davomida dalil-isbot yig‘ish talab etilgan. Endi esa o‘sha tashkilot hukumat manfaatiga xizmat qilayotgani borasida taxminiy ma’lumot taqdim etish kifoya, operatsiyaga ruxsat beriladi» deya izoh bergan Oq uy sobiq amaldorlaridan biri.

O‘tgan vaqt davomida josuslik idorasi berilgan vakolatlardan foydalanib, ancha-muncha operatsiyalarni amalga oshirishga ulgurgan. Masalan, 2019-yilda Rossiyaning SyTech kompaniyasi serveri ishdan chiqarilgan va mazkur firma Federal xavfsizlik xizmatiga aloqadorligi fosh qilingan.

Qayd etish joizki, dunyoning yirik davlatlari kibermakonda josuslik faoliyatini kuchaytirishga zo‘r bermoqda. Ayni choqda, BMT 2000-yildan buyon kibermakondagi xulq-atvor me’yorlarini ishlab chiqishga urinmoqda. Ammo bu borada hali aniq mexanizm shakllanganicha yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring