Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi: Asal bochkasi va tarixning boshqa go‘zal eksponatlari (foto)

Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi: Asal bochkasi va tarixning boshqa go‘zal eksponatlari (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Muzeylar xalq tarixining ko‘zgusidir. Mana shunday go‘zal ko‘zgulardan biri 2017 yili Jizzax shahrida qad ko‘targan bo‘lib, unda o‘zbek adabiyotining atoqli adibi va shoiri Hamid Olimjon hamda Zulfiyaning abadiy xotirasi jam bo‘lgan.

2017 yilning 3 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan atoqli va iste’dodli adiblarimiz Hamid Olimjon va Zulfiyaning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Jizzax shahridagi  1902 yilda qurilgan  “Xo‘ja Nuriddin” madrasasi qayta rekonstruksiya qilinib, Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi tashkil etilgan.

Muzey 16 ta hujradan tashkil topgan bo‘lib, ularda Hamid Olimjon va Zulfiya Isroilovaning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ko‘plab eksponatlar qo‘yilgan.

Hujralarda Hamid Olimjonning ilk bor tushgan surati, o‘sha davrdagi uy-ro‘zg‘or, kulolchilik buyumlaridan namunalar, Hamid Olimjon yashagan dala hovli maketi, adibning bolaligi tasvirlangan kartinalar, dutor, XX asrga mansub bo‘lgan joynamoz, so‘zana va kashtalar, Hamid Olimjonning onasi o‘qigan arab alifbosidagi kitob hamda Komila ayaning kiygan kiyimi va ro‘moli kabi buyumlar joylashgan.

Hamid Olimjon yashagan dala hovli maketi. Adibning ukasi Sarvar Azimov so‘zlariga ko‘ra Gayvaronskiy tomonidan ishlangan.

Shuningdek, muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaning asarlari namunalar, yaqin insonlar, oila a’zolari, hamkasblar va xorijlik yozuvchilar bilan tushgan suratlari, ssenariylar, hujjatlar va guvohnomalar, kiyimlar, o‘sha davrda aholi o‘rtasida muomalada bo‘lgan veksil, pullar va tangalardan namunalar, XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi toshbosma usulida chop etilgan kitoblardan namuna qo‘yilgan.

1970 yilda Sh.Axtemov tomonidan Hamid Olimjonning bronzadan ishlangan byusti yasalgan. 2017 yilda Bahrom Norboyev tomonidan Zulfiyaning ham byusti yasalgan bo‘lib, ikkala byust ham  muzeydan joy olgan.

Shuningdek, muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yangi yozgan she’rlarini bir-birlariga o‘qib berayotgani tasvirlangan haykal ham qo‘yilgan.

Zulfiyaga bag‘ishlangan hujralarda shoiraning suratlari, mukofotlari, jumladan, Ukraina, Bolgariya, Qozog‘istondan berilgan orden va medallar, 1999 yil Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan “Do‘stlik” ordeni  qo‘yilgan.

Zulfiya 1965 yili O‘zbekiston xalq shoirasi, 1968 yili Javoharla’l Neru, 1970 yili Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 1971 yili Xalqaro Nilufar mukofotiga, 1977 yili Bolgariyaning “Kirill va Mefodiy” ordeniga, shuningdek, 1984 yili shoiralar ichida birinchi bo‘lib Mehnat qahramoni unvoniga  sazovor bo‘lgan.

Muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaga muxlislar tomonidan hadya qilingan buyumlar, kiyim va esdalik sovg‘alar ham saqlanadi.

Ulardan biri 15-hujrada Boshqird shoiri Mustay Karim tomonidan Zulfiyaxonimga berilgan asal bochkasi.

Mustay Karim Zulfiyaxonimga sovg‘a qilgan asal bochkasi

Muzeyda saqlanayotgan har bir eksponat o‘z tarixiga ega va o‘zbek adabiyotining ikki namoyondasi Hamid Olimjon va Zulfiyaning butun hayoti haqida hikoya qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring