Madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi tadbirkorlarga qanday soliq imtiyozlari berilmoqda?
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan PF-103-sonli qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar ayrim toifadagi tadbirkorlik subyektlari uchun keng qamrovli soliq imtiyozlari joriy etiladi.
Imtiyozlar asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya va bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan subyektlarga tatbiq etiladi. Shuningdek, nodavlat teatrlar, teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari ham ushbu yengilliklardan foydalanadi.
Qarorga ko‘ra, mazkur subyektlar qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Ular tarkibida ishlovchi xodimlar esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydi.
Qarorda xorijiy kinokompaniyalar uchun ham alohida rag‘batlantiruvchi mexanizmlar nazarda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston hududida kino mahsuloti yaratish bilan bog‘liq faoliyatdan olgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari beriladi.
Unga ko‘ra, xorijiy kompaniyalarning ushbu faoliyat natijasida olgan daromadlari norezidentlarning daromadlariga to‘lov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
Belgilangan imtiyozlar darhol kuchga kirmaydi. Ularni amaliyotga tatbiq etish uchun Soliq kodeksiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter