Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xamsa» qahramonlari otashparastmidi yoki musulmon?

«Xamsa» qahramonlari otashparastmidi yoki musulmon?

Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tashabbusi bilan O‘zbek Tili va adabiyoti universitetida «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — turkiy dunyo she’riyatining faxri, jahon adabiyotining cho‘qqisi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov tadbir davomida Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi adabiyotimizning faxr-iftixori, jahon she’riyatining eng go‘zal namunalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Diplomat Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy bilan boshlangan adabiy aloqalar bugungi ham davom etayotganini qayd etdi.

S. Abbosov buyuk Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa» si O‘zbekistonda ilk bor nashr etilib, katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlab o‘tdi.

Ozarbayjon Madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akif Maarifli jahon adabiyoti tarixiga Ozarbayjon va O‘zbekiston buyuk shoir va faylasuflari bilan katta hissa qo‘shganini aytib o‘tdi. Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiysiz na ozarbayjon va na o‘zbek adabiyotini tasavvur qilib bo‘ladi.

Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Nizomiy Jafarov o‘z nutqida Ganjaviy va Navoiy musulmon uyg‘onish davrining shoirlari ekaniga urg‘u berdi. Ular arab falsafasini ham, Abulqosim Firdavsiy boshlagan Sharq she’riyatini ham hech ajratmasdan o‘rgangan.

«Nizomiy Ganjaviy «Xamsa» qahramonlarining aksariyatini Firdavsiyning «Shohnoma»sidan olgan. «Shohnoma» qahramonlari orasida Iskandardan boshqa hech biri, Xusrav ham, Bahrom ham musulmon emas, otashparast bo‘lgan. Nizomiy Ganjaviyning qudrati otashparastlarni, ya’ni Islomga sig‘inmaydiganlarni musulmon sifatida taqdim etganligidadir», — dedi akademik Jafarov.

Tadbir so‘ngida, Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan Ozarbayjon va Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning noyob qo‘lyozmalarining elektron nusxalari Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga hadya qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring