Yosh iqtidor egalari kashf etilmoqda (foto)
O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning yashirin iste’dodlarini yuzaga chiqarish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlash qolish, rivojlantirish hamda davom ettirish maqsadida an’anaviy tarzda uch bosqichli “Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi tomonidan tashkil etilayotgan tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-10 sinf o‘quvchilaridan iborat 13 665 ta maktab jamoasi (109 320 nafar o‘quvchi) ishtirok etish istagini bildirdi. Ayni kunlarda tanlovning hududiy bosqichlari davom etayotgan bo‘lib, 208 ta maktab jamoasi o‘zaro bellashmoqda. Ushbu bosqichida eng yuqori ball to‘plagan jamoa tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Havaskor yosh ijodkor maktab o‘quvchilaridan iborat maktab ansambli jamoasi barcha bosqichlarda musiqa asarlarini o‘zbek milliy cholg‘ularida jonli ijro etishadi. Tanlovning tuman-shahar bosqichida bitta asar, hududiy bosqichda ikkita asar va respublika bosqichida uchta asar ijro etilishi belgilangan.
Hududiy bosqichida jamoalarning ijrolarini O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojatxon Yo‘lchiyeva, O‘zbek milliy musiqa instituti professor-o‘qituvchilari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farangiz Mahmudova, Shomahmud Shorahmedov, Doniyor Yunusov va Sirojiddin Usmanov singari sohaning malakali mutaxassislar tomonidan baholab borilmoqda.

Har bir hududiy bosqich teleko‘rsatuv tarzida tasvirga olinmoqda. Hududlardan tayyorlangan maxsus ko‘rsatuvlar “O‘zbekiston 24” hamda “Mening yurtim” telekanallari orqali efirga uzatiladi. Bundan tashqari, tanlovning rasmiy YouTube sahifasiga joylab boriladi.
Tanlovning respublika bosqichi iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa xorijga ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Yosh havaskorlar” jamoasi g‘olib bo‘lib, Ozarbayjon davlatlarida ta’lim sayohatida bo‘lib qaytishgan edi.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter