Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har kuni 350 o‘rinli samolyot halokatga uchrayaptimi?..»

«Har kuni 350 o‘rinli samolyot halokatga uchrayaptimi?..»

Betoqatmiz...

Gap shundaki, kuni kecha mashinada ishdan qaytayotgan edim. Chorsu chorrahasida noqulay holatga duch keldim. Birinchi qator yo‘ldagi mashinalar  o‘ngga, ikkinchi va uchinchi qator yo‘ldagilar to‘g‘riga, uchinchi va to‘rtinchi qator yo‘ldagilar chapga ketishi kerak. Men ikkinchi qator yo‘lda bo‘lganim bois to‘g‘riga ketishim kerak edi. Shunda yonimdan bitta «Matiz» o‘tib ketib, birinchi va ikkinchi qator yo‘l o‘rtasida yana bir yo‘lak paydo qildi. Bundan tashqari  svetaforning to‘xtash chizig‘idan o‘tib ketdi. «Nima qilayapsan?» degan ma’noda signal berdim. U chapga ketishini bildirib, qayrilish chirog‘ini yoqib oldi.

Ikkinchi qator yo‘ldan chapga qayrilish nechog‘lik to‘g‘ri?.. Bu ham mayli. «Orzu» chorrahasida chapga qayrilmoqchi bo‘lib uchinchi qator yo‘lda turgan qimmatbaho mashina to‘g‘ri chiziqni bosib o‘tib, menga yo‘l bermay ikkinchi qator yo‘lga o‘tib, kechirim ham so‘ramay mingga qo‘yib ketvordi.

Biz radarchilarni so‘kamiz. Gohida o‘ylab qolaman: nega ularni so‘kishimiz kerak? Axir yo‘l harakati qoidalariga amal qilish har bir piyoda, har bir haydovchining vazifasi emasmi?

Yaqinda, qo‘shni Qozog‘istonning Chimkent shahriga borib keldim. Shahar ko‘chalari to‘la radar. Haydovchi tugul piyodalar ham yo‘l harakati qoidalarini buzsa, eng ko‘pi bilan 20 soniyada plastik  kartasidan jarima yechib olinadi. Kompyuter xokimni o‘g‘li bo‘ladimi, oligarxning qizi bo‘ladimi, amaldorning o‘zi bo‘ladimi, qarab o‘tirmaydi: qonun shafqatsiz. Eng qizig‘i, qoidabuzarlar inson omiliga (ya’ni YPX xodimiga) murojaat qilishga ulgura olishmaydi. 

Yo‘llardagi tirbandliklar haqida ko‘p gapiramiz. Sababi sifatida yo‘llarning abgorligi, svetaforlarning ko‘pligini keltiramiz. Lekin hech kim surbetlarcha suqilib kirib ikki qatorli yo‘lda uchinchi qatorni, uch qatorli yo‘lda to‘rtinchi qatorni tashkil qilayotgan bezbet haydovchilar haqida gapirmaydi.

Endi gapning po‘stkallasiga o‘tadigan bo‘lsak, dunyo mamlakatlari yo‘llarida yuz beradigan yo‘l transport hodisalari dolzarb ijtimoiy muammolardan biriga aylanib bo‘ldi. YTH oqibatida transport vositalari, yo‘l qurilmalariga ziyon yetish bilan bir qatorda halok bo‘layotgan, bir umr majruh bo‘lib qolganlar soni yildan yilga ortmoqda.Ularni davolashga sarflanayotgan xarajatlar salmolg‘i ham oshib bormoqda. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq muammo insoniyat oldida turgan global chaqiriq sifatida ko‘rilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili yo‘llarda 1 million 300 ming kishi halok bo‘lyapti. Bu yer yuzining barcha mintaqalarida yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘layotganlar sonidan bir necha barobar ko‘p. Boshqacha aytganda, bir kunda 350 o‘rinli 8 ta samolyotning halokatga uchrashiga taqqoslash mumkin. Jarohat olganlarning uiumiy soni 50 million kishiga yetgani aytiladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida har yili 15 yoshgacha bo‘lgan 163 ming nafar bola halok bo‘lib, 1,5 million bola jarohat oladi.

Bu raqamlar mazkur muammoni hal qilish uchun jiddiy choralar ko‘rish kerakligini anglatadi.

Harakat xavfsizligi bu aholi salomatligi bilan bog‘liq masala hamdir. Tahlilchilarning fikricha, dunyodagi o‘lim sabablari bo‘yicha yo‘l taransport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlar uchinchi o‘rinda turadi. 

To‘g‘ri hech kim ataylab avariya sodir etmaydi. Avtohalokatlar kutilmaganda sodir bo‘ladi. Biroq YTHlar jiddiy va uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu yuqori moliyaviy xarajatlar, shuningdek, o‘lim va jarohatlar bilan bog‘liq global muammo.

Radarchilarni so‘kmaylik. Ular parlament tomonidan qabul qilingan «Yo‘l harakati qoidalari»ni buzgan haydovchilarni aniqlab, jarimaga tortmoqda, xolos. Shaxsan men mashina haydayman. Ammo shunga qaramay, shahar ichkarisidagi yo‘llarda radarlar qo‘yilishining tarafdoriman (shahar atrofi va uzoq masofali yo‘llarni nazarda tutmadim).

Radarchilarni sindirishning bitta yo‘li bor: u ham bo‘lsa piyodalarning ham, haydovchilarning ham yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishlari.

Shu bilan birga haydovchilar va piyodalar ham o‘zaro hurmatni o‘rganishlari kerak bo‘ladi.

Sharofidin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring