Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarini (IQOS) muomalasini taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yetti yilda nikotin va tamaki mahsulotlarining  «zamonaviy» yoki «innovatsion» turlari, xususan nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, ular uchun suyuqliklar, gellar, shu jumladan elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlari, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari O‘zbekistonga kirib kelishi va aholi, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida ularni chekish keskin ko‘paygan.

Xususan, 2021-2023 yillarda mamlakatga qiymati 28,5 mln dollarlik 5,4 mln dona elektron sigaretalar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga (2018-2020 yillarda 349 ming dollarlik 182 ming dona elektron sigaretalar import qilingan) nisbatan keskin ravishda – 80 baravarga oshgan. Ushbu davrda huquq-tartibot organlari tomonidan 11,8 mlrd so‘mlik 105,3 ming dona bunday mahsulotlar kontrabandasining oldi olingan.

Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o‘smirlar va yoshlar salmog‘i katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p.

Eng achinarlisi, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez suratlarda ortmoqda, xususan, 26,6 ming o‘g‘il bolalar va 8,6 ming qiz bolalar chekishga moyil.

Qayd etilishicha, zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi.

Shu munosabat bilan elektron sigaretalarni va tamakini qizdirish tizimlarini O‘zbekistonda muomalasini taqiqlash va ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksi 1864-moddasi bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shuningdek elektron sigaretalar va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, olib kirish BHMning ikki yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va huquqbuzarlik ashyolarini topshirsa jazodan ozod qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring