Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «Fidoyi qutqaruvchi» medali ta’sis etilishi mumkin

O‘zbekistonda «Fidoyi qutqaruvchi» medali ta’sis etilishi mumkin

Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda qutqaruv ishlarini amalga oshirish sohasida xizmat qilayotgan shaxslar mehnatini munosib baholash, ularni rag‘batlantirish va kasb nufuzini oshirish maqsadida «Fidoyi qutqaruvchi» medalini ta’sis etish reja qilinyapti.

Bu borada ishlab chiqilgan qonun loyihasi favqulodda vaziyatlar vaqtida inson hayotini saqlab qolish, aholi va hududlar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida alohida jasorat, matonat va fidoyilik ko‘rsatgan shaxslarni davlat darajasida rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasiga muvofiq «Fidoyi qutqaruvchi» medali quyidagi holarda berilishi mumkin:

  • uzoq yillar davomida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini saqlab qolishda shaxsan ishtirok etgan;
  • qutqaruv ishlarida alohida fidoyilik va jasorat ko‘rsatgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari;
  • xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy davlatlarda yuz bergan favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etgan idora va tashkilotlar vakillari;
  • ko‘ngilli qutqaruvchilar;
  • ayrim hollarda tezkor sa’y-harakatlari natijasida birinchi yordam ko‘rsatib, inson hayotini saqlab qolgan yoki og‘ir oqibatlarning oldini olgan shaxslar;
  • favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda jasorat va jonbozlik namunasini ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning fuqaro muhofazasi boshliqlari, mutaxassislari va qutqaruvchilariga berilishi mumkin.

Qayd etilishicha, medalning ta’sis etilishi fidokorona xizmatlarni munosib taqdirlash hamda qutqaruvchilarni ma’naviy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Manba: regulation.adliya.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring