Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi

Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi:

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimizning muhtaram faxriylari!

Qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.

Biz sizlar bilan — ana shunday g‘oyat mas’uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Aynan sizlarning yerda va ko‘kda, suvda va quruqlikda olib borayotgan mardona xizmatlaringiz tufayli osmonimiz musaffo, bolalarimiz, mo‘’tabar onalarimiz, keksalarimiz xotirjam yashamoqda, yurtimiz obod, xalqimiz hayoti farovon bo‘lmoqda.

Fursatdan foydalanib, o‘z farzandlarini — Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylarimiz bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a’zolariga katta rahmat aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman.

Muhtaram vatandoshlar!

Mana shu bayram kunlarida barchamiz Vatan, xalq va armiya biri-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekanini har qachongidan ham teran his etmoqdamiz.

Bu borada armiya va xalq birligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma — harbiy-ma’muriy sektorlar barcha hududda samarali faoliyat yuritayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ana shunday islohotlar tufayli “Armiya va xalq — bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Qadrli do‘stlar!

Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar, milliy va global xavfsizlikka qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda.

Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan yangi Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi. Amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan jangovar kuchga aylanib bormoqda.

Barchamiz yaxshi anglaymiz: bu borada har bir harbiy xizmatchining professional bilim va malakasi, aqliy salohiyati, ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularda vatanparvarlik fazilatlarini kamol toptirish o‘ta muhim ahamiyatga egadir.

Biz davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratamiz. Masalan, 2019 yilning o‘zida harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandlari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettiriladi.

Xalqimizning “Bilagi zo‘r birni yengadi, bilimi zo‘r — mingni” degan maqolida chuqur ma’no bor. Shu nu qtai nazardan, Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, xususan, harbiy ta’lim sohasiga zamonaviy bilim, ilg‘or xorijiy tajribalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Ayni vaqtda shaxsiy tarkib o‘rtasida milliy o‘zlikni anglash va jangovar ruhni, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Shu maqsadda yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval “O‘zbekiston tarixi” fani va “Temur tuzuklari” kitobi bo‘yicha sinov o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, ushbu sohadagi qadriyat va an’analarimizni targ‘ib etish, askar va ofitserlarimizning zamon qahramonlari sifatidagi qiyofasini badiiy asarlar, spektakl va filmlar orqali keng yoritib berish alohida ahamiyatga ega. Bu borada taniqli olimlar, adib va shoirlarimiz, ijodkor ziyolilar, madaniyat namoyandalari yanada samarali faoliyat olib boradilar, deb ishonch bildiraman.

Qadrli yurtdoshlar!

Mard va jasur Vatan himoyachilari!

Sizlarni ota-onalaringiz, oilalaringiz, butun xalqimiz bilan birgalikda keng nishonlayotgan bugungi shonu sharaf ayyomi — Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, olijanob va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.

Barchangizga el-yurtimizning yuksak mehri va ishonchi doimo yor bo‘lsin!

Shavkat MIRZIYoYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring