Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda hunarmandchilik yo‘nalishida oliy ma’lumot beradigan institut ochiladi

Toshkentda hunarmandchilik yo‘nalishida oliy ma’lumot beradigan institut ochiladi

Toshkentda «Hunarmand» uyushmasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishtirokida Xalqaro hunarmandchilik, badiiy san’at va dizayn instituti tashkil etilishi mumkin.

Hukumatning tegishli qarori loyihasida belgilanishicha, mazkur ta’lim dargohi hunarmandchilik yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega kadrlarni tayyorlash, jumladan «usta-shogird» an’analari asosida dual ta’lim tizimini keng joriy qilish, hamda hunarmandchilikning an’anaviy turlarini saqlab qolgan holda, zamon talablariga moslashtirish va rivojlantirish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.

Qayd etilishicha, institutda o‘qitish nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan institut tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, har yili «Hunarmand» uyushmasi a’zolarining qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida to‘lov kontrakti summasining 20 foizigacha miqdorida chegirma bilan (Institut granti asosida) abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilyapti.

Qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida, sohani rivojlantirish bo‘yicha joylardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, milliy urf-odatlar aks etgan hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, eng asosiysi hunarmandchilik sub’yektlarining qonuniy bilim olish, sohaga kirib kelayotgan yosh avlodni oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar bo‘lib yetishishiga yaqindan yordam berishi ta’kidlanadi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring