Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turli vizalar bilan Haj amallarini bajarishning imkoni yo‘q – Diniy qo‘mita

Turli vizalar bilan Haj amallarini bajarishning imkoni yo‘q – Diniy qo‘mita

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita so‘nggi paytlarda turli manbalar orqali umra vizasi, turistik (ziyorat) viza yoki biznes viza bilan Haj amallarini ado etishni tashkil qilishni va’da qilayotgan firmalar ko‘payganini, biroq bunday turdagi vizalar bilan mavsum payti Haj ziyoratini qilishning mutlaqo imkoni yo‘qligini eslatmoqda.

«Yodingizda tuting! Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun sizda “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart.

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi», – deya ogohlantirmoqda Qo‘mita.

Shuningdek, idora Haj safariga boshqa davlatlar orqali turli va’dalar bilan olib ketish holatlari kuzatilayotganiga ham to‘xtalgan. Ta’kidlanishicha, «bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qat’iy chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi».

Ya’ni, muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 ming saudiya riyoli (26 ming AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Ma’lum qilinishicha, birgina 2022-2023 yillardagi Haj masumida O‘zbekiston fuqarolari turistik, biznes va boshqa vizalar orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj amallari bajariladigan hududlarga kira olmaganlar. Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va boshqa davlatlar orqali kelgan minglab fuqarolar esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Ular Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan. Xususan, 2023-yilda butun dunyodan 150 mingdan ortiq shaxslar ushlanib jarimaga tortilgan va deportatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Haj» tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshiriladi. Mazkur hujjatga asosan, O‘zbekiston fuqarolari uchun «Haj» tadbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. «Haj» faoliyati bilan boshqa tashkilotlarning, xususan, sayyohlik tashkilotlari va boshqalarning   shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring