Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bu nihoyatda muhim — Sodiq Safoyev Eronning ShHTga qo‘shilishi haqida

Bu nihoyatda muhim — Sodiq Safoyev Eronning ShHTga qo‘shilishi haqida

Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning aytishicha, ShHT bu — mintaqaviy rivojlanish tashkiloti. Mintaqadagi eng yirik davlatlarning bu tashkilotga kirishi ko‘zda tutilgan dasturning amalga oshishida ijobiy rol o‘ynashi mumkin.

«Eron — muhim va yirik davlat. U Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Kavkaz, Yevropa bilan bog‘lovchi chorrahada joylashgan. Bu esa uning jo‘g‘rofiy joylashuvi qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Eng asosiysi — Eron orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyati biz uchun juda muhim. Chabahar dengiz portlari Markaziy Osiyoni jahon bozori bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Albatta, Eron bilan hamkorlik qilish ShHT uchun juda muhim», — dedi Sodiq Safoyev.

Shuningdek, Sodiq Safoyev ShHTning maqsadi yangi devorlar emas, yangi ko‘priklar qurish ekanini ta’kidladi.

«ShHTning asosiy kuchi — u qandaydir blok yoki yopiq tuzilma bo‘lishdan yiroqligi. Bu tashkilot hamisha turli ko‘rinishdagi hamkorliklar uchun ochiq va Samarqand sammiti ham tashkilot xalqaro o‘zaro tushunish, ishonch va hamkorlik barpo etish uchun platforma ekanini isbotlashi kerak.

ShHT sammiti qandaydir qarama-qarshiliklarni kuchaytirish yoki yangi devorlarni barpo etish, yangi chegaralarni belgilash emas, balki yangi ko‘priklarni qurish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan anjuman bo‘ladi», — deya qayd etdi Senat raisi o‘rinbosari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring