Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qaysi davlatlarda sobiq Bosh prokurorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan?

Qaysi davlatlarda sobiq Bosh prokurorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan?

Foto: «Belta.by»

Xabaringiz bor, shu yilning 22-fevral kuni O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olishda gumon qilinib qo‘lga olinganini xabar qilgan edik. Oradan bir kun o‘tib, Bosh prokuratura ham ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlagan, keyinroq esa Rashidjon Qodirov xorijga chiqib ketmoqchi bo‘lganda aeorportda ushlangani aytilgan edi.


Mavzuga doir:
Sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov haqida nimalarni bilamiz?


«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali dunyo tajribasida Bosh prokurorlarning lavozimni tark etganlaridan so‘ng javobgarlikka tortilishi bilan bog‘liq voqealarni o‘rgandi va quyidagilarni aniqladi:

Turkmaniston

2017-yilning may oyida respublikaning sobiq Bosh prokurori Amanmurat Xolliyev hibsga olingan edi. Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov sobiq Bosh prokurorni korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashmaganlikda ayblagandi. Xolliyev bilan birgalikda prokuratura va ichki ishlar organlarining ellikka yaqin sobiq mulozimlari ham qo‘lga olingan edi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarda Xolliyev va unga tobe xodimlar Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarini moliyalashtirish uchun mamlakatning badavlat odamlaridan yetarlicha yig‘im yig‘a olmagani uchun ishdan chetlatilgani aytiladi.

Aytishlaricha, Amanmurat Xolliyev 2017-yilning 4-may kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida namoyishkorona ishdan bo‘shatilgan. Yig‘ilishdan bir necha kun o‘tgach esa qo‘lga olingan va uy qamog‘iga mahkum qilingan.

2017-yilning 13-may kuni Turkmaniston parlamenti Botir Atdayev mamlakat Bosh prokurori lavozimiga tayinladi. Ma’lumotlarga ko‘ra u muqaddam Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari departamenti raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Qirg‘iziston

2012-yil 5-oktyabrida Qirg‘iziston sobiq harbiy prokurori, adliya generali Kubatbek Kojonaliyev Bishkekda yuz bergan ommaviy betartibliklar chog‘ida hukumatni kuch ishlatib egallab olishda ayblanib hibsga olinadi. 

Kubatbek Kojonaliyev

Unga 12 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi ham mumkin edi. 2012 yil 24 oktyabrida unga uy qamog‘i tayinlandi. 2013 yilning 29 mart kuni qo‘yilgan barcha ayblovlar bekor qilinib, K.Kojonaliyev oqlandi.

Moldova

Moldova sobiq Bosh prokurori Valeriu Balaban va prokuror Boris Krigan 2017-yil iyunida Antikorrupsiya prokuraturasi tomonidan ushlanadi.

Gap shundaki, Valeriu Balaban o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda Bosh prokuratura yonidagi binoni sotib olishga davlatning 9 million dollar pulini ishlatib yuborgan. Binoning asl bahosi 2,5 million ley edi. Shunga qaramasdan, qolaversa binoning buzilishga tushganini ko‘ra-bila turib, Balaban uni sotib olishga qariyb bir necha yuz barobar ko‘p pul ishlatadi. Bu ish bo‘yicha yana yetti kishi tergovga tortilgan. Balabanning boshqa ishlari ham tildan-tilga ko‘chib yuribdi.

Valeriu Balaban

Yaqinda mamlakat prokuratura xodimlari kuni bayramiga Bosh prokuror Eduard Xarunjen sobiq hamkasbi Valeriu Balaban hamrohligida kirib kelib hammani lol qoldirdi. Kishinyovning sobiq prokurori Ivan Dyakov ijtimoiy tarmoqda shunday yozadi: «Agarda Balaban rostdan ham jinoyatchi bo‘lsa, uning bayramga kelishi prokuratura veteranlariga nisbatan hurmatsizlik, agar jinoyatchi uning sherigi bo‘lsa, u prokuraturani boshqarishga noloyiq inson».

Makao

2016-yilning fevral oyida XXRning maxsus ma’muriy hududi — Makao sobiq Bosh prokurori Xe Chaomin korrupsiyaga daxldorlikda ayblanib qamoqqa olindi. E’tiborli jihati, u Gonkongga suzuvchi paromga o‘tirayotgan chog‘ida ushlanadi. Bundan tashqari, Xe Chaominga qo‘shib mahalliy prokuraturaning yana bir nechta xodimlari qo‘liga ham kishan solinadi.

Sobiq Bosh prokuror hibsga olingan hamtovoqlari bilan bir nechta xususiy kompaniyalar foydasiga sud qarori chiqarilishida yordam berib yuborgan. «Quruq qoshiq — og‘iz yirtar» deyishadi, o‘shanda hamkorlar huquq posbonlarining mehnatini naq  44 million pataka (qariyb 5,5 million AQSh dollari) bilan taqdirlashgandi. Xe Chaomin Makao Bosh prokurori lavozimida 1999 — 2014-yillar ishlagandi.

Venesuela

O‘tgan yil avgustida mamlakat prezidenti Nikolas Maduro sobiq Bosh prokuror Luiza Ortegani hibsga olish uchun xalqaro order berishni so‘rab murojaat bilan chiqdi. Uning aytishicha, Ortega va uning turmush o‘rtog‘i German Ferrer «jiddiy jinoyatlarga daxldor».

Aytish kerakki, Luiza Ortega Ugo Chaves davrida va keyinchalik Maduro prezidentlikka kelgan yillarda ham hukmron partiyaning ashaddiy tarafdorlaridan biri bo‘lib kelgan.

Luiza Ortega

2017-yil mart oyida to‘lig‘icha Maduro tarafdorlaridan tashkil topgan Venesuela Oliy sudi mamlakat parlamenti vakolatlarini bekor qilish to‘g‘risida hukm chiqaradi. Bosh prokuror Ortega esa sudning qarorini noqonuniy deb topadi. Buni Maduro boshchiligidagi hukumat umuman kutmagandi. U shuningdek Maduroning Konstitutsion yig‘in chaqirish rejasiga ham qarshi chiqdi. Hammasi shundan keyin boshlandi: uni xoinga chiqarishdi, ruhiy holati joyida ekanligiga shubha bildirishdi...

O‘tgan yilning 5 avgustida Ortega lavozimidan chetlatildi va unga mamlakatni tark etish man etildi. Biroq hayotidan xavfsiragan Ortega va turmush o‘rtog‘i hozir qo‘shni Kolumbiyadan boshpana topishgan.

AQSh

Prezident Donald Tramp 2017-yil yanvar oyi oxirlarida AQSh Bosh prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Salli Yeytsni immigrantlik to‘g‘risidagi farmonni qo‘llab-quvvatlamagani uchun lavozimidan bo‘shatadi.

Salli Yeyts

Oq uy chiqargan bayonotda aytilishicha, iste’foga chiqarilgan Bosh prokuror «Qo‘shma Shtatlar fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan farmonga zid ish tutib Adliya vazirligiga xiyonat qilgan». O‘z vaqtida Yeyts «Toki men prokuror ekanman Adliya vazirligi bu farmonni himoyalovchi bironta dalilni taqdim etmaydi, chunki uni himoyalash uchun bironta sabab ko‘rmayapman», — degandi.

Trampning bu farmoni ayrim musulmon mamlakatlar fuqarolarini AQShga 90 kungacha kiritmaslikni ko‘zda tutardi. Qolaversa, bu mamlakatlardan 120 kungacha qochoqlar qabul qilinishi taqiqlangandi.

Janubiy Koreya

Mamlakat prezidenti No Mu Xyonning o‘limida o‘zini aybdor his qilgan Bosh prokuror Lim Chxe Chjin 2009-yil iyun oyida ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqadi. Chunki aynan u sobiq prezident va sobiq birinchi xonim ustidan o‘tkazilayotgan tergovga rahbarlik qilayotgan edi. 

Lim Chxe Chjin

Pusan shahridagi tekstil kompaniyasidan 6 million dollar pora olganlikda gumon qilingan Koreya Respublikasi prezidenti No Mu Xyon 2009-yilning 23-may kuni Ponxvasan tog‘idagi jarlikdan o‘zini tashlab nobud bo‘lgan edi. U o‘limi oldidan yozib qoldirgan xatda voqeada hech kimni ayblamaslikni so‘ragandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring