Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev hokimlarning xorijga shunchaki borib kelayotganini tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev hokimlarning xorijga shunchaki borib kelayotganini tanqid qildi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 14-avgust kuni O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalariga ham e’tibor qaratildi.

Avval berilgan topshiriqqa muvofiq, Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlar o‘rganilgani, xususan, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator muammolar aniqlangani qayd etildi. Ushbu hududlarda farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohasida keng imkoniyatlar bo‘lsa-da, asosan qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash loyihalari bilan cheklanib qolingani tanqid qilindi. Yuqori texnologik tarmoqlarga asoslangan loyihalar esa umuman yo‘q.

Ko‘pchilik delegatsiya a’zolarining maqsadli dasturi bo‘lmagani, chet elliklarga hududning iqtisodiy salohiyati bo‘yicha aniq ma’lumotlar bermagani, ayrim kelishuvlar qog‘ozda qolib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, joriy yilning mart oyida Belgiyaga borgan Namangan viloyati delegatsiyasi Norin tumanida 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish bo‘yicha 3 million dollarlik loyiha kelishuvini imzolagan. Biroq, oradan 5 oy o‘tganiga qaramasdan, uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ish boshlanmagan.

Qator delegatsiyalar xizmat safari davomida shartnomalarning quruq soni ortidan quvayotgani, oqibatda ushbu bitimlar natijador bo‘lmay, o‘ta mavhum, madaniy-gumanitar xarakterga ega bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

Shu bois Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligiga mahalliy delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari oldidan tashrifning maqsadi, taklif etilayotgan loyihalar va kutilayotgan amaliy natijalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazish tartibini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Xizmat safarida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» va tarmoq jadvallari ishlab chiqish hamda qat’iy ijro etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring