Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari noyabr oyida Samarqandda yig‘iladilar

Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari noyabr oyida Samarqandda yig‘iladilar

Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining navbatdagi, 9-sammiti noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV v.b. Vladimir Norov «O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya» muloqoti birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha brifingda ma’lum qildi.

«Bugun biz transport aloqalari va axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, har bir mamlakatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarning daxlsizligini qat’iy va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladik.

O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligimizni bildirdik.

Hamkasblarimiz bilan joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildik», – deydi Norov.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li mazkur sammit sanasiga aniqlik kiritib, uning joriy yil 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tishini hamda sammit davomida Turkiy davlatlar tashkiloti raisligi Turkiyadan O‘zbekistonga berilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi sammit o‘tgan yilning 12-noyabrida Istanbulda bo‘lib o‘tgan edi.

Shundan so‘ng Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiy Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirilganini ma’lum qildi.

Ilgari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) deb atalgan Turkiy davlatlar tashkiloti 2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxchivan kelishuvi asosida tashkil etilgan. 2018-yilda tashkilotgga O‘zbekiston a’zo sifatida, Vengriya esa kuzatuvchi davlat sifatida a’zo bo‘ldi.

Shuningdek,o‘tgan yilning noyabr oyida Turkmaniston Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring