Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yonginamizda katta iqtisodiy makon bor» – tadqiqotchi

«Yonginamizda katta iqtisodiy makon bor» – tadqiqotchi

Mamlakatimiz tashqi siyosatida Janubiy Osiyo hamisha ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelmoqda. Ammo yaqin-yaqingacha biz Janubiy Osiyoga nisbatan asosan Afg‘oniston omili orqali, ya’ni xavfsizlik nuqtai nazaridan yondashib kelganmiz. Bu haqda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor  Mustafoyevning maqolasida so‘z boradi.

Qayd etilishichsa, buning natijasida ikki tomonlama munosabatlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmadi, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmadi. 2017 yil O‘zbekistonning Janubiy Osiyoning yetakchi davlatlari — Pokiston bilan savdo aylanmasi atigi 36,5 million dollarni, Hindiston bilan 323 million dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yil 123 million dollar va 442 million dollarga yetdi.

So‘nggi yillarda xalqaro munosabatlar sohasida mazkur davlatlar bilan ham munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik kuchaydi.

Janubiy Osiyo biz uchun yirik bozor, aholi nufusi 2 milliarddan ortiq. Yalpi ichki mahsuloti 3,4 trillion dollar. Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘rtacha yillik o‘sishi 6-7 foiz. Yonginamizda shunday katta iqtisodiy makon bor. Undan unumli foydalanish ikki tomonga ham katta manfaat yetkazadi. Buni boy tariximiz yaqqol isbotlaydi.

Markaziy Osiyo respublikalari dengiz yo‘liga chiqish uchun bir davlatni, faqat O‘zbekiston ikki davlat hududini kesib o‘tishi kerak. Bu iqtisodiy o‘sishga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Misol uchun, Markaziy Osiyo davlatlaridan Shanxayga bitta konteyner yetkazish Turkiya va Polsha davlatlariga nisbatan 5 barobar qimmat.

Yana bir ma’lumot, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlatlar eksport daromadlarining 18 foizini transport xarajatlariga ishlatadi. Bu ko‘rsatkich dengizga chiqish imkoniyatiga ega davlatlarda 9 foizni tashkil etadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan «Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li qurilishi mintaqalarimizning iqtisodiy rivojlanishini tubdan o‘zgartirishi shubhasiz. Iqtisodiy tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, yangi yo‘l ishga tushishi bilan Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga bitta konteynerni yetkazish narxi 900 dollardan 286 dollarga arzonlashadi. Bundan tashqari, yuk tashishga sarflanadigan vaqt 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shu bilan birga, eksport salohiyati ham keskin oshadi.

O‘z navbatida, xavfsizlik masalalarini ham inkor etib bo‘lmaydi. Xususan, Afg‘onistondagi notinchlik, terroristik guruhlarning faoliyati bu boradagi ezgu maqsadlarimizga to‘g‘anoq bo‘lishi tabiiy. Shu bois, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishdan doimo manfaatdor va bu yurtda tinchlikni mustahkamlash, turli tarmoqlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishga intilib kelyapti, – deb yozadi tadqiqotchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring