Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hayit munosabati bilan 5 nafar futbolchi afv etildi

Hayit munosabati bilan 5 nafar futbolchi afv etildi

Foto: O‘FA

2018-yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroqo‘m byurosining qarori bilan besh nafar futbolchi futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgandi. Muborak Ramazon oyi yakuni hamda Hayit ayyomi arafasida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z aybini tushunib yetgan bu futbolchilarga yana bir bor imkoniyat berish maqsadida Ijroqo‘mga tashkilot ustavining 65-modda 1.2-bandiga asosan aybdor deb topilganlar masalasini qaytadan ko‘rib chiqish taklifini berdi.

O‘FA rahbariyati futboldagi eng yomon illatlardan biri — futbolchilar yoshini kichiklashtirish masalasi yuzasidan aybdorligi aniqlangach, Nodirbek Teshaboyev, Muhammadjon Abdullayev, Nuriddin Hasanov, Dilshod Ahmadaliyev, Burxon Hasanov kabi futbolchilar Ijroqo‘m qarori asosida futboldan chetlashtirilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ulardan aksari o‘z aybini tushunib yetdi, hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘riladi. Shuningdek, tashkilotga bir necha bor xat bilan chiqib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi.

Tez orada O‘FA Ijroqo‘mi bu masalani atroflicha o‘rganib chiqadi hamda uzoq vaqt davomida boshqa ism-sharif bilan «nom qozongan» yigitlarga, o‘zlarining haqiqiy ism-shariflari bilan faoliyatlarini davom ettirish imkoniyatini beradi. Bu haqda O‘FA axborot xizmati xabar berdi.

O‘FA, shuningdek, futbol sohasidagi barcha murabbiylarni, mutaxassislarni jiddiy ravishda ogohlantirdi. Bundan buyon bu kabi ishlarga qarshi kurash yanada jiddiy bo‘lib, ayniqsa, yosh bolalarni va ularning ota-onasini yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan yoki allaqachon ularning xayolini aynitgan murabbiylar kechirilmaydi. Bunday insonlar futbolga qayta yaqinlashtirilmaydi. Shuningdek, farzandi katta ekanini bilib turib, uning kichik bolalarga qarshi to‘p surishiga shunchaki tomoshabin bo‘lib turgan ota-onalar ham jazodan chetda qolmaydi. Bolasining hujjatini soxtalashtirayotgan ota-onalar qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, O‘FA bu masala yuzasidan tegishli organlar bilan hamkorlikda ishlaydi.

Tashkilot faqatgina jazo qo‘llash ishlari bilan band bo‘lmaydi va bunday illatni yo‘q qilish yo‘lida amaliy usullardan ham foydalanadi. 2019-yildan boshlab bolalar futbol klublari tarbiyalanuvchilarini yaxlit elektron bazaga bosqichma-bosqich kiritib borish boshlanadi. Ya’ni, maktab yoshidagi futbolchi haqida barcha ma’lumotlar, shu futbolchi to millionlar o‘yini bilan xayrlashmaguniga qadar yangilanib turadi. Bu esa 14—15 yoshli yangi futbolchining birdan «paydo bo‘lib qolishi» holatlarini kamaytiradi. Ya’ni, nazorat maktab yoshidanoq boshlanadi.

Yaxlit elektron bazadan istalgan odam Superliga, Pro-Liga, 2-liga, bolalar ligalari futbolchilarini topishi mumkin bo‘ladi. Shu holatdan keyin ham futbolchilar yoshini kichiklashtirishga harakat davom etsa, buning ortida turgan kishilarga shafqat qilinmaydi, deyiladi xabarda.

O‘FA Ijroqo‘mining qarori tez orada e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring