Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milandagi «San Siro» stadionida Olimpiada-2026 ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (foto)

Milandagi «San Siro» stadionida Olimpiada-2026 ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (foto)

Foto: Claudio Furlan, Keystone Press Agency, globallookpress.com

Milandagi «San Siro» stadionida 2026-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari tantanali ravishda ochildi.

Qishki olimpiadaning bosh mavzusi — «Armoni» (italyanchadan tarjimasi — «Uyg‘unlik»). Sahnalashtirilgan tomoshalarda italyan va Olimpiada an’analari va tarixi aks ettirildi. Italiya o‘z tarixida to‘rtinchi Olimpiadaga mezbonlik qilmoqda. Oxirgi marta Italiyaning Turin shahri 2006-yilda Qishki o‘yinlarni o‘tkazgan.

Kechaga taklif etilgan bosh yulduz amerikalik qo‘shiqchi Merrayya Kerri bo‘ldi. U italyan tilida Volare hamda o‘zining Nothing Is Impossible qo‘shiqlarini ijro etdi.

Merrayya Kerri / foto: Erik Pasman, Keystone Press Agency, globallookpress.com

Olimpiya o‘yinlarida sportchilar ilk marotaba bir vaqtning o‘zida to‘rtta joyda saf tortib o‘tishdi — turnir geografiyasi tufayli hamma atletlar Milanda ishtirok eta olmadi. Eslatib o‘tamiz, Olimpiada Italiya shimolidagi oltita shaharda bo‘lib o‘tadi.

Foto: Maxim Thore, Keystone Press Agency, globallookpress.com

Italiyadagi 2026-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining timsoli — Tina va Milo laqabli oqsuvsarlar. Ularning nomlari Kortina-d’Ampetsso va Milan shaharlariga ishoradir.

Foto: IMAGO, Luciano Maria Bisi, IPA Spo, imago-images.de, globallookpress.com

Tomoshabinlar Italiya musiqasi klassiklari — Rossini, Puchchini va Verdi bilan tanishtirildi.

Foto: Joel Marklund, Keystone Press Agency, globallookpress.com

Modeler Jorjio Armani xotirasiga bag‘ishlangan modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi (U 2025-yil sentyabrida vafot etgan). Yashil, oq va qizil ranglardagi modellarning uchta guruhi Italiya bayrog‘ini ifodalovchi harakatlanuvchi kompozitsiyada saf tortdi.

Foto: Luciano Maria Bisi, Keystone Press Agency, globallookpress.com

Qishki o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi prezidenti Javani Malado o‘z nutqida dunyoni tinchlikka chorladi: «Jahonning katta qismi nizolar bilan bo‘lingan bir paytda, sizning ishtirokingizning o‘zi boshqa dunyo mumkinligini ko‘rsatadi. Va bu birdamlik, hurmat va hamjihatlik dunyosidir». U so‘zini «Hech qachon italiyalik ekanligimdan bugungidek faxrlanmaganman», deya yakunladi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventri o‘zi uchun ilk Olimpiadani ochib berdi: «Men tug‘ilgan Afrikada «Ubuntu» degan so‘z bor. U «Men borman, chunki biz bormiz» degan ma’noni anglatadi. Bir-birimizga yordamlashib ko‘tarilyapmiz. Bizning kuchimiz bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilishdan kelib chiqadi».

Koventrining chiqishidan so‘ng Italiya prezidenti Serjo Mattarella o‘yinlarga rasmiy start berdi. U minbarlarda o‘tirgan kam sonli birinchi shaxslardan biri bo‘ldi. Xususan, AQSh terma jamoasini Donald Tramp emas, vitse-prezident Jey Di Vens olqishladi. Keyingi qishki Olimpiada mezboni — Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham marosimga kelmadi (xabarlarga ko‘ra, aynan Jey Di Vens bilan uchrashmaslik uchun shunday qilgan — tahr.).

Rasmiylardan so‘ng Italiya va jahon operasi yulduzi Andrea Bochellining kompozitsiyasi ostida Olimpiya mash’alasi estafetasi yakunlandi: Italiya futboli afsonalari Franko Barezzi va Juzeppe Bergomi mash’alani Italiya terma jamoasi voleybolchi qizlariga, ular esa terma jamoa voleybolchi yigitlariga topshirdilar.

Marosim yakunida Gollivud aktrisasi Sharliz Teron sahnaga ko‘tarildi. U Janubiy Afrika Respublikasi fuqarosi sifatida Nelson Mandelaning nutqini o‘qib berdi va yana bir bor dunyoda tinchlik masalasini tilga oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring