Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Navoiy hajga borganmi?

Alisher Navoiy hajga borganmi?

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar — xo‘jako‘rsinlikdan boshqa narsa emas! Taassufki, oramizda shunday ta’naomuz luqma tashlovchilar oz bo‘lsada uchrab turadi. 

Albatta, har bir fuqaro o‘z fikrlarini aytishga haqli. Ammo shukrki, haqiqiy ilm sohiblari bunday muzokaralarga e’tibor bermaydilar, hamisha ma’rifat xizmatlariga shaylar.

Ma’naviyatni yuksaltirishga o‘z hissalarini qo‘shishdan charchamaydigan korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan esa atoqli sanalar, umumxalq bayramlariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng nishonlanib kelinadi.

Jumladan, kuni kecha, buyuk shoir, alloma, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbir ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Filologiya fanlari doktori, professor Dilfuza Yuldasheva o‘z ma’ruzasini shunday mahorat bilan o‘tdiki, auditoriyaning butun vujudi quloqqa aylandi, go‘yo. Ma’ruza davomida olima dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomaning tarjimai holi, o‘lmas ijod namunalaridan so‘zladi. Eng asosiysi, ularni tinglovchiga yetkazishdagi olimaning notiqlik mahorati meni lol qoldirdi. Olima Navoiyning ruboiylaridan misol keltira boshlaganda ishtirokchilar beixtiyor unga jo‘r bo‘lishdi:

Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo,

O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo.

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,

Har ne istarsen o‘zingdan istagil.

Bu ham Navoiy ijodining qalblarga allaqachon muhrlanganidan bir nishona edi. Ilgari “Navoiy hajga borganmi“, — degan savol meni ko‘p o‘ylantirardi.

Bundan 4 yillar muqaddam u haj safariga uch bor taraddud ko‘rib, davlatning dolzarb ishlari bois bora olmaganini eshitganimda xalq manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ygan buyuk allomaga nisbatan hurmatim yanada oshgandi.

«Xamsa» asarini shoshilinch, yetti oyda yozib tugatish mas’uliyati, taxt talashayotgan shahzodalarni, ba’zi amaldorlarni tarbiyalash, qalblarida ilmu fanga muhabbat uyg‘otish, egri maqsadlardan qaytarish, taqvodorlikka da’vat qilish va ularga axloq va odobda o‘rnak bo‘lish kabi mas’uliyatli vazifalari bor edi Navoiyning.

Olima Yuldasheva ham viloyatlardagi notinchlikning oldini olish, xalqning iqtisodiy va ma’naviy hayotini yaxshilash kabi yumushlari tufayli hazratning umri davomida haj qila olmaganligini ta’kidladi.

Hofizi Qur’on bo‘lganmi, degan savolga to‘rt yoshdan maktabda o‘qigani, yetti yoshda Qur’onni yod olgani haqidagi misollar bilan javob berdi.

Ayniqsa olimaning hozirgi kunda katta hajga, umra ziyoratiga borish kimlarga joizu, kimlarga mumkin emasligini bilmaslik yoki bilib turib bilmaslikka olish, muhtoj qarindoshlari, ehtiyojmand qo‘shnilarini unutib, muqaddas zaminga xotirjamgina, hatto tantanavor borib kelayotgani to‘g‘risidagi mulohazalari juda o‘rinli edi.

Shu o‘rinda, mana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda yaqindan yordam bergan «O‘zbekiston pochtasi» AJ Farg‘ona filiali hamda «O‘zbektelekom» AK Sharqiy filiali rahbariyatlariga, qolaversa, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi va Farg‘ona Davlat universitetiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz!

Hafiza Salyahova,
«Xabar.uz»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring