Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlatlararo o‘yin qoidalari o‘zgarmoqda

Davlatlararo o‘yin qoidalari o‘zgarmoqda

Ayni kunlarda ko‘plab davlatlarda ekologiya va atrof-muhitning yomonlashuvi insonlar sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Ayniqsa, bu ko‘rsatkich yangi sanoatlashgan davlatlar – Xitoy, Hindiston, Malayziya kabi davlatlardan tortib to sanoat rivojiga katta urg‘u berayotgan endigina rivojlanayotgan Bangladesh, Mongoliya, Indoneziya kabi davlatlarda ham yuqori. Xo‘sh, iqtisodiyot rivoji uchun atrof-muhitni qurbon qilishimiz kerakmi? Yashil iqtisodiyot bunga yechim bo‘la oladimi?

Professorim bilan o‘rtamizda shu masalada qiziq bir savol-javob bo‘lib o‘tdi:

– Aytaylik, Koreya so‘nggi 10 yillik ichida bojxona to‘lovlari sezilarli darajada pastlatilgan (yoki umuman olib tashlangan) erkin savdo bo‘yicha juda ko‘p davlatlar bilan shartnomalar imzoladi (52 ta davlat bilan). Buning natijasida tashqi savdo aylanmasi yanada o‘sdi. Koreys ishlab chiqaruvchilari yanada ko‘proq eksport qilishga kirishib ketdilar. Erkin savdo shartnomalari davlatga iqtisodiy jihatdan ko‘p foyda keltirdi. Lekin, aynan mana shu ishlab chiqarishning ko‘payganligi sanoatning o‘sishiga, bu esa atrof muhitga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Mana shu oqibatlarni ham aniqlab bera oladigan iqtisodiy model bormi?

– Bor, albatta! Nafaqat aniqlaydi, hatto ba’zi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali atrof muhitning yomonlashuvi qanday qilib aholining ishlash samaradorligiga ta’sirini ham aniqlab beradi. Sanoatning rivojlanishi, albatta, ma’lum bir darajada atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada, aholi sog‘ligi yomonlashadi. Bu esa aholining ishlab chiqarish samaradorligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Oqibatda esa butun boshli iqtisodiyotga bu qimmatga tushishi mumkin.

Albatta, bu qisqagina savol-javob bizga global o‘yinlar haqida hamma axborotni bera olmaydi. Lekin, o‘sha katta iqtisodiy o‘yinlarning yo‘nalishi o‘zgarayotganiga nimalarnidir ishora qilib o‘tadi.

O‘yin o‘zgardimi yoki o‘yin qoidalari?

Davlatlararo oldingidek miqdor uchun emas, sifat uchun kurash boshlanib ketdi. «O‘zini bilgan» rivojlangan davlatlar iqtisodiyotni jamiyat va tabiat bilan hamkorlikda olib borish kerakligini ancha oldin anglab yetdilar. Bunda, e’tibor nafaqat iqtisodiyotning o‘ziga balki jamiyat va tabiatga ham beriladi-ki, bu uch kuch (iqtisodiyot, jamiyat va tabiat) birlashgan nuqtada barqarorlik vujudga keladi. Aynan mana shu hudud iqtisodiyotga ham, jamiyatga ham, tabiatga ham imkon boricha maksimal foyda va minimal zararni olib keladi.

Demak, o‘yin o‘zgarmadi!

O‘sha-o‘sha – hamma foyda olish dardida. Faqatgina foyda olishning yo‘llari, qoidalari o‘zgardi, xolos: Rivojlanish uchun o‘z yeringdan foydalanishing shart emas. Qo‘shningning yeridan foydalan!

Yashil Iqtisodiyot nima o‘zi?

Yashil iqtisodiyot atamasi 1989-yilda Buyuk Britaniyalik atrof-muhit iqtisodchilari tomonidan fanga kiritilgan bo‘lib, ba’zida Yashil o‘sish (Green Growth) atamasi bilan ham birga ishlatiladi. Yashil iqtisodiyot – bu insoniyat va tabiat o‘rtasidagi uyg‘un o‘zaro ta’sirni qo‘llab-quvvatlaydigan va bir vaqtning o‘zida har ikkala ehtiyojni birday qondirishga harakat qiladigan iqtisodiyotning metodologiyasidir. (Sodda til bilan o‘z holatimizga moslab aytadigan bo‘lsak, o‘z rohatingizni o‘ylab mebel uchun istalgan joydagi daraxtlarni kesavermasligingizdir.)

Xo‘sh, «o‘zini bilgan» davlatlar nima qilayotgan ekan bu borada?

Yuqorida ishora qilganimizdek juda ko‘p rivojlangan davlatlar otga qamchini allaqachon urib bo‘lishgan (fanga 40-50 yil oldin kirib kelgan, axir). Ayni paytda, tez, arzon va katta ko‘lamdagi yuklarni qisqa vaqt ichida dunyoning u burchagidan bu burchagiga olib borib qo‘ya oladigan logistika xizmatlari sharofati bilan amerikalik bir tadbirkor o‘z ishlab chiqarishini Vetnamda bemalol amalga oshirmoqda.

Bu shundan dalolat qiladiki, iqtisodiy jihatdan rivojlanish, albatta, o‘z uyingda bo‘lishi shart emas (Bunday deyishimizga sabab «Hayotda nimagadir erishish uchun nimadandir kechish kerak» degan oltin qoidaga ko‘ra ishlab chiqarishning ko‘payishi ma’lum bir darajada atrof muhitga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi). Shunday shart-sharoitlar yaratginki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘shnining yeridan foydalanishsin. Albatta, bunda ishlab chiqarishda atrof-muhitga bo‘lgan zararni oldini olish maqsadida qo‘yilgan yuqori talablar ishlab chiqaruvchilarni ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur qiladi:

  • atrof-muhitga kamroq zarar keltiradigan ishlab chiqarish texnologiyasi ustida ishlash (albatta, bu vaqt va katta xarajat talab qiladi)
  • yoki atrof-muhitga zarar keltirishning oldini oladigan qonun-qoidalarga haligacha ega bo‘lmagan yoki talablari uncha ham qattiq bo‘lmagan davlatlarga «investitsiya kiritish» («autsorsing» sifatida kirib borish).

Har ikkala holatda ham rivojlangan davlat yutadi. Qolganlar esa qisqa muddat ichida yutgani bilan, uzoq muddat bo‘yicha yutqazadilar.

Qiziq tomoni shundaki, juda ko‘p rivojlangan davlatlar sanoat ularning atrof-muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Lekin, mashinalar shahar havosini bulg‘amoqda. Shuning uchun elektrda yuradigan mashinalar ishlab chiqarishga zo‘r berishmoqda. Lekin, oxir-oqibat kaltak yana endigina rivojlanayotgan davlatlar boshida sinayotgandek. Elektrokarlar quvvatiga ishlatiladigan kobalt xom-ashyosining qariyb 70 foizi Kongo Demokratik Respublikasida ishlab chiqariladi: arzon ish kuchi, bolalar mehnati, atrof-muhit himoyasining deyarli e’tiborga olinmasligi, qiyin mehnat sharoiti...

O‘zbekiston bu borada nima qilmog‘i kerak?

So‘nggi 2-3 yil ichida O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti bilan chinakamiga integratsiyalashish uchun bel bog‘ladi. Shunday ekan, asosiy maqsadimiz investorlarni jalb qilishgina emas, balki ularning faoliyatlari atrof-muhitga qay darajada ta’sir o‘tkazayotganini ham baholash va shunga yarasha o‘z talablarimizni ham qo‘ya olishimiz bo‘lishi lozim. Buning uchun:

  • Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish arafasida turgan yurtimiz unga a’zo bo‘lgandan so‘ng qanday iqtisodiy va ijtimoiy yutuq va kamchiliklarga erishar ekan, degan tahlil bilan bir qatorda, atrof-muhitga qanday ta’siri bo‘lar ekan, degan savolni ham o‘rtaga qo‘yishimiz kerak. (Bu borada JSTning «Savdo va atrof-muhit» hamda «Sanitariya va Fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risida kelishuv» shartnomalariga yetarlicha e’tibor berilishi zarur.)
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Barqaror rivojlanish maqsadlari» (Sustainable Development Goals) proyektlari hamda boshqa atrof-muhitni himoyasi uchun tashkil qilingan xalqaro shartnomalarning (Paris Agreement, 2015) aktiv ishtirokchilaridan biri bo‘lish lozim.
  • Shu bilan birga, qo‘shnilarimiz bilan ham bu borada hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak. Masalani bir hududning o‘zi bilan hal qilib bo‘lmaydi! Balki, butun bir mintaqa bir yoqadan bosh chiqarishi lozim. Chunki, atrof-muhit ifloslanishi chegara nima ekanligini «bilmaydi»!
  • Bir nechta o‘quv yurtlarida Xalqaro savdo hamda Barqaror boshqaruv fakultetlarini imkon boricha tezroq ochish zarur. (Chunki, savdo shartnomalari ularni imzolash bilangina o‘z mevasini beravermaydi. Bu shartnomalarni tushuna oladigan va amalda qo‘llay oladigan kadrlarga ehtiyoj katta. Afsuski, butun O‘zbekistonda hali birorta ham Xalqaro savdo degan fakultet mavjud emas!)
  • O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida doimo uzviy bog‘liqlik va hamkorlikni yaratish lozim. Maqsadimiz atrof-muhit himoyasi ekan, bu tashkilotlar va boshqa davlat tashkilotlari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoq talab etiladi.

Xulosa qilib aytganda, davlatlararo iqtisodiy o‘yinlarning maqsadi o‘zgarmaydi. Faqat qoidalar zamonga qarab o‘zgarib turadi. Qisqa muddatli foyda olish maqsadida uzoq muddatli zararni o‘z bo‘ynimizga olmasligimiz darkor. Davlat iqtisodiyotining rivoji o‘z xalqining mehnat samaradorligi bilan doim bog‘liq bo‘lgan. Samaradorlik esa atrof-muhitning holatiga ko‘ra o‘zgarib turadigan biologik mavjudot – biz insonlarning sog‘lig‘iga uzviy bog‘langandir. Shunday ekan, avval iqtisod keyin siyosat emas, balki bir vaqtning o‘zida ham iqtisodiyot, ham jamiyat, ham atrof-muhitga birdek e’tibor darkor.

Valijon To‘raqulov,
Koreyadagi Inha universiteti
«Xalqaro savdo» bo‘yicha PhD nomzodi


P.S.

Ushbu maqola yozilayotgan bir paytda Prezident qarori bilan 2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangani xabari  tarqaldi. Bu – davlatimiz ham masalaga jiddiy qaray boshlaganidan darak beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring