Mana sizga qurbonlik, xohlagancha g‘ajing yoxud kalit tirqishidan mo‘ralayotganlar....
Voyerizm (voyeurisme) tashxisi qo‘yilgan odamga hammom, yotoqxonadagi kimnidir kiyimsiz holatini yashirin kuzatishlari uchun kalit tirqishi yoki devordagi darz yetarli. Bugungi kunda esa bu kasallik “madaniyatlashdi”, endi birovning kiyimsizligini ko‘rish uchun hammom atrofida izg‘ish shart emas, qo‘ldagi smartfon va internet kifoya. Biz “ma’naviy voyerizm” asrida yashayapmiz....
Siz kalit tirqishini qidirib turing-chi...
Oxirgi kunlarda yuz bergan “Taftish.uz” jamosi bilan bog‘liq voqealar fonida boshqa fidoyi jurnalistlarga nisbatan “firibgar” degan noto‘g‘ri tamg‘a bosilayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Tartibbuzarlik va davlat idoralariga hurmatsizlikni, hech bir jinoyatni, ayniqsa, odamlarning ishonchiga kirib qilinadigan firibgarlikni oqlab bo‘lmaydi. Har qanday firibgar qonun oldida albatta javob berishi shart...
Bu voqea fonida ayrimlar firibgarlarni “ishlagan odam xato qiladi-da” yoki “hozirgi zamonda manfaatsiz kim ishlaydi?” qabilida oqlashga urinmoqda. Keling, narsalarni o‘z nomi bilan ataylik: firibgarlik, shantaj yoki tovlamachilik jurnalistning ishidagi “xato” emas! Bu ongli ravishda sodir etilgan jinoyat. Xato bu maqoladagi imloviy xato yoki faktni noto‘g‘ri tekshirish bo‘lishi mumkin, lekin odamlarni aldab pul ishlash bu kasbiy faoliyatda “adashganlik” emas.
Ya’ni “hamma manfaat uchun ishlaydi” degan qarash o‘z kasbiga sadoqatli, halol jurnalistlarga nisbatan adolatsizlik va haqoratdir. Bir firibgarning qilmishi sababli butun boshli soha vakillarini “manfaatparast” deb tamg‘alashga hech kimning haqqi yo‘q.
Afsuski, bugungi “ommaviy linch” va noto‘g‘ri talqinlar natijasida jamiyatda halol jurnalistlarga nisbatan ham shubha va nafrat shakllanmoqda. Bunday qarashlarning shakllanishiga esa davlatning bosh qonunlari qo‘pol ravishda chetlab o‘tilayotgani sabab bo‘lmoqda, hali sud jarayonlari yakunlanmasdan xabarlar tarqatilishi, ma’lumotlar sizib chiqarilishi shu jumladan...
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasida “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan. Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi”.
Nima uchun bu moddalar muhim?
Agar mana shu moddalarni mensimasak, jamiyatda “sudsiz hukm” chiqarish an’anaga aylanadi. Bu esa har qanday kimgadir yoqmay qolgan boshqa bir insonni, hatto u mutlaqo aybsiz bo‘lsa ham, ijtimoiy jihatdan yo‘q qilish mumkin deganidir. Nafrat zanjiri shunday ulanadiki, bugun aybdorga nisbatan qo‘llangan bu “virtual sazoyi quroli” ertaga mutlaqo aybsiz, yana bir shaxsga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Adolat bu faqat aybdorni qamash emas, balki o‘sha aybdorning ham qonuniy huquqlarini hurmat qilishdir.
Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlardagi “aybdor, qamash kerak, battar bo‘lsin”, degan izohlar va ommaviy nafrat muhiti sud ishiga psixologik bosim o‘tkazmaydi deb kim ayta oladi?
Agar shaxs firibgarlikda ayblanayotgan bo‘lsa, tergov va sud faqat o‘sha iqtisodiy jinoyatga (dalillar, pul o‘tkazmalari, guvohlar) baho berishi kerak. Uning 14 yoshida uydan chiqib ketgani yoki shaxsiy hayotidagi boshqa tafsilotlar jinoyat tarkibini o‘zgartirmaydi, ya’ni jinoyatiga jinoyat qo‘shmaydi. Bizni tashvishga solayotgan jihat mana shu ma’lumotlarni tarqatishdan maqsad nima, qizni jamiyat nazarida “yomon ayol” yoki “tarbiyasiz” qilib ko‘rsatish orqali unga nisbatan nafrat uyg‘otishmi?
Sir emas, oxirgi vaqtlarda ayol kishi gumonlanuvchi yoki jabrlanuvchi bo‘lsa, uning xatti-harakatidan ko‘ra ko‘proq “axloqi” muhokama qilina boshlaydi. Bu ommaning diqqatini asosiy muammodan chalg‘itishning eng oson yo‘li emasmi? “U firibgarlik qilgan bo‘lishi mumkinmi”, degan savol qolib, “u 14 yoshida nima qilgan edi?” degan qiziqish birinchi o‘ringa chiqadi. Bu esa tergovning xolisligiga ta’sir qiladi.
Suratlari katta-katta qilib tarqatilayotgan, firibgarlikda gumonlanayotgan “Taftish.uz” jamoasi a’zolarining qilmishlari qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘lishi shart. Lekin ularning shaxsiy hayotidagi eski xotiralarni kavlab chiqish bu adolat o‘rnatish emas, balki ommaviy tomosha ko‘rsatishdir.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, o‘zbek segmentida shaxsiy hayotni kovlash eng katta qurolga aylandi. Nega odamlarning e’tibori qizning o‘tmishiga qaratilmoqda, chunki bu qizni jismonan emas, aynan ijtimoiy shaxs sifatida “o‘ldirish” istagidir. Yosh qizning eshiklarni tepib kirishi va o‘zini baland tutishi umuman na etikaga, na haq-huquq talab qilishga kiradi, balki bunday harakat tizim xodimlari uchun haqoratdek tuyulgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, qarshi reaksiya qanday bo‘ldi: “Sen bizni mensimadingmi, mana endi biz seni butun xalqqa kimligingni ko‘rsatib, sharmanda qilamiz” degan hujumni ko‘rish mumkin. Lekin masalaning ikkinchi, juda xavotirli tomoni bor. Biz huquqiy davlatda yashayapmizmi yoki o‘rta asrlarning “sazoyi qilish” maydonidami? Ilgari odamlar maydonda to‘planib kimnidir toshbo‘ron qilgan bo‘lsa, hozir bu ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Inson aybi isbotlanmasdan turib, butun jamiyat tomonidan la’natlanmoqda. Keyinchalik internetdagi “tamg‘a” butun umr uning oilasi, farzandlari hech qanday aybi bo‘lmasa-da, ma’naviy tazyiq ostida qolishi hech kimni tashvishlantirayotgani yo‘q.
Nafrat tili
Jurnalistikada nafrat tili (hate speech) degan atama bor. Bu nafaqat ma’naviy tubanlik, balki jamiyatni ichidan yemiruvchi va huquqiy tizimni falaj qiluvchi xavfli quroldir. Ya’ni bizni ko‘proq xavotirga solishi kerak bo‘lgan yana bir holat bu jamiyatimizda gurillab yonayotgan nafrat tilidir. Bizni jinoyatchi bilan birga uni “yomonotliq” qilish uchun ishlab chiqilayotgan shunday usullar ko‘proq qo‘rqitishi kerak. Chunki fikri tez o‘zgaradigan va nafrat bilan boshqariladigan olomon bor joyda adolat qaror topmaydi!
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib jurnalistlar uyushmasiga nisbatan ham iddaolar yangrayotganini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, “Taftish uz” kabi nashrlarda professional jurnalistlar ishlamasdir, ular uyushma a’zosi bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli uyushma bu shaxslar uchun bayonot berishga majbur emas. Ammo gap boshqa narsada: jurnalistlar uyushmasi ijtimoiy tarmoqlarda avj olayotgan, inson qadr-qimmatini toptayotgan nafrat tiliga nisbatan o‘z munosabatini bildirishga haqli va majbur edi. Chunki nafrat tili tarqalayotgan joyda so‘z erkinligi emas, balki axloqsizlik boshlanadi.
Nafrat tili ob’yektivlikni o‘ldiradi. Odamlar nafratga berilganda, hatto eng oddiy dalilni ham ko‘rmay qoladilar. Aybi hali sudda aniqlanmagan gumonlanuvchilarga qarshi butun boshli “nafrat mashinasi”ning ishga tushirilishi noto‘g‘ri yo‘l. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining go‘shtini yeyishga tayyor turishibdi. Endi hech kimga jinoyatning tafsilotlari qiziq emas, hammaga sharmandalik tomoshasi kerak. Endi hech kim qonun moddasini o‘qimaydi, balki hamma eng og‘ir haqoratni yozishda musobaqalashadi. Bunday muhitda esa xolislik va haqiqat orqa fonga o‘tadi.
Shaxsning aybini isbotlash o‘rniga, uning shaxsiy hayotini omma muhokamasiga tashlash bu olomonga “Mana, sizga qurbonlik, xohlagancha g‘ajing!” deyish bilan barobar.
Biz nafrat tili bilan jinoyatchilikni tugata olamizmi, yo‘q! Aksincha, biz shunchaki nafratga to‘la, shafqatsiz va qonun ishlamaydigan jamiyatni barpo etamiz. Bugungi “qurbon” kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning shaxsiyatiga otiladigan har bir tosh aslida bizning huquqiy madaniyatimizga otilgan tosh emasmi? Ya’ni, bunday suyak tashlashlar orqali odamlarning ongi zaharlanmoqda – hamma o‘zicha sudya, hamma o‘zicha jazolovchi.
Nafratdan jirkanchlikkacha bir qadam
“Eng dahshati – ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarning darajasi. Shu paytgacha gumonlanuvchi, jabrlanuvchi ayollar misolida biz jamiyatning naqadar chuqurlikka cho‘kayotganini ko‘rdik.
Insonning shaxsiy hayotini kovlash, ayol kishining nomusini eng past so‘zlar va axloqsiz sarkazm bilan toptash bu ma’naviy voyerizm, ya’ni birovning shaxsiy hayotini kuzatishdan lazzatlanishdir. Tasavvur qiling, shaxs tergov ostida, qo‘lida kishan, yuzida qo‘rquv va chorasizlik turganida uning shaxsiy hayotiga oid “axloqsiz” ma’lumotlarni kovlash omma uchun bir turdagi “ma’naviy ozuqa”ga aylanmoqda. Odamlar jinoyatni emas, balki “u kim bilan bo‘lgan ekan?”, “14 yoshida nima qilgan ekan?” kabi savollarga javob izlashmoqda. Bu xuddi birovning ichki kiyimini hammaning oldida yoyishdek gap.
Ma’naviy voyerizm xastaligiga chalinganlar o‘zlarining bu qiziqishlarini “adolat izlash” yoki “axloqsizlikni jazolash” niqobi ostida yashirishadi. Go‘yoki, ular jamiyatni tozalamoqchidek, lekin aslida ular shunchaki birovning shaxsiy hayotiga taalluqli “jirkanch” tafsilotlarni eshitish va muhokama qilish ishtiyoqida bo‘ladilar. Bunday insonlar o‘zlarining shaxsiy hayotidagi bo‘shliqni boshqalarning sharmandaligini kuzatish orqali to‘ldirishadi. “Men undan yaxshiroqman” degan soxta tuyg‘uni his qilish uchun kimnidir loyga botirishdan lazzatlanishadi.
Nega buni “jirkanch” dedik?
Chunki bu jarayonda insonning qadr-qimmati yo‘qoladi. Jinoyatchi jinoyati uchun jazolanishi kerak, lekin uning shaxsiyatini ommaviy ravishda “kuzatish” va “muhokama qilish” – bu jamiyatning ham ma’naviy jihatdan xastalanganidan dalolat beradi. Qaniydi bilganingizda edi: “Siz adolat istayotganingiz yo‘q, siz shunchaki birovning fojiasi, shaxsiy hayotidan veorizm tashxisi qo‘yilganlardek va ulardek yashirincha tirqishdan mo‘ralab lazzatlangandek lazzat olayapsiz.
Afsuski, birovning xatosi yoki shaxsiy suratlari tarqalganda, jamiyatning katta qismida o‘sha mashhur “tirqishdan mo‘ralash” instinkti uyg‘onayapti. Faqat ular devor ortida emas, monitor qarshisida o‘tirib, begonaning hayotini muhokama qilish orqali ruhiy lazzatga erishmoqdalar.
Bu jarayon shunchaki qiziquvchanlik emas, balki ruhiy kompensatsiyadir. Boshqaning “kir hayot”ini kovlash orqali inson ong ostida o‘zini pok va mukammal his qila boshlaydi: “Men unday emasman”, deya o‘z nafsini qondirib lazzatlanadi, o‘zidan faxrlanadi, “u o‘zi yaxshi odam bo‘lmagan ekan”, deya o‘z ichki komplekslarini boshqaning tanazzuli hisobiga davolaydi, go‘yoki hamma hakam. Biz birovning hayotini kalit tirqishidan kuzatishni “qiziqish” yoki axloqan tartibga chaqirish deb ataymiz, aslida esa bu o‘z ma’naviyatimizdagi bo‘shliqni boshqalarning ko‘rgiligi bilan to‘ldirishga bo‘lgan patologik ehtiyojdir. Bugungi kunda eng katta “kalit tirqishi” bu bizning lentamizdagi yangiliklar va birovning sha’nini muhokama qiluvchi guruhlardir.
Ma’naviy voyerizmning xavfli jihati shundaki, unda shaxsiy makon jismonan buzilmaydi, lekin ruhan tahqirlanadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir “sensatsion” xabar – bu jamiyat uchun ochib qo‘yilgan yangi bir kalit tirqishidir. Odamlar u yerga navbat bilan mo‘ralaydilar, lazzatlanadilar va so‘ngra “axloq” haqida ma’ruza o‘qib, uy-uylariga “tarqaladilar”.
Inson qanday jinoyat qilgan bo‘lmasin, u hali ham inson. Uning aybini sud belgilaydi, lekin kimdir uning to‘shagini, shaxsiy hayotini muhokama qilishga va uni haqoratlashga huquq berilgani yo‘q. Bunday nafratli va jirkanch izohlarni yozayotganlar aslida o‘sha jinoyatchidan ham ko‘ra xavfliroq axloqiy jinoyat sodir etmoqdalar. Biz jinoyatchilikka qarshi kurashamiz deb, o‘zimizning insoniyligimizni va madaniyatimizni yo‘qotib qo‘ymayapmizmi?
Jinoyatni qoralang, adolat qaror topib, qilmishlariga yarasha jazo olishlarini so‘rang, lekin mo‘ralab lazzatlanish uchun kalit tirqishi yoki devor yorig‘ini qidirishni bas qiling...
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter