Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab yarmarkalarida nimalar xarid qilish mumkin?

Maktab yarmarkalarida nimalar xarid qilish mumkin?

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta’lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechak va poyabzallar bilan ta’minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10-avgustidan 10-sentyabrigacha respublikamizda jami 1325 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maktab yarmarkalarining 931 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida (ularga 5941 ta maktablar biriktirilgan) tashkil etilib, ulardan 3 mln. nafardan ortiq o‘quvchilar, 293 ta aholi gavjum bozorlar hududi va atroflarida, 528 ta yirik savdo komplekslari va do‘konlarda 2 mln. nafardan ortiq o‘quvchilar foydalanishi rejalashtirilgan.

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Bular: o‘quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranets), chizg‘ich, sirkul, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog‘ozi, o‘chirg‘ich, plastilin, yelim (kley), rangli qog‘oz, qalam yo‘ng‘ich, qalamdon (penal), nota daftari, idora daftari, tush, oddiy va rangli bo‘r, barxat qog‘oz, qiz bolalar va o‘g‘il bolalar uchun poyabzallar, bolalar sport kiyimlari.

Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi, «O‘zdavkitobsavdota’minoti», «Sharq» kompaniyasi va «Sharq ziyokori» MChJ yetkazib beradi. Yetkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Yarmarkalar tashkil etiladigan ta’lim muassasalarining hovli va foyelarida alohida joylar ajratilib, zarur javonlar bilan jihozlangan.

Mahalliy hokimliklar, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda maktab yarmarkalarida savdosi tashkil etilayotgan mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini hamda ularning sifatini nazorat qiladi.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring