Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘qituvchining dardi ichida. Yana majburiy mehnatdan shikoyat qilinmoqda

O‘qituvchining dardi ichida. Yana majburiy mehnatdan shikoyat qilinmoqda

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» tahririyatiga Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi 47-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar shu yilning 1-avgustidan beri majburiy mehnatga jalb qilinib kelinayotgani haqida murojaat kelib tushdi.

«Barcha o‘qituvchilar mehnat ta’tilidan qaytgach, maktab binosini ta’mirlash, maydonlarni begona o‘tlardan tozalash, katta yo‘l chetida devorlarni oqlash, daraxtlarni butash kabi ishlarga majburiy jalb etilmoqda. 1-avgustdan boshlangan bu ishlar haligacha tugamayapti. Hatto, nafaqa yoshidagi keksa muallimlardan tortib, ayol o‘qituvchilar ham har kuni soat 8:00dan 12:00 gacha ishlashga majbur», — deyiladi murojaatda.

Foto: «Xabar.uz»

Murojaat muallifining yozishicha, hech kim qarshilik ko‘rsata olmaydi, norozilik bildirgan yoki haq-huquqini talab qilgan o‘qituvchilar dars taqsimotini o‘ylab, dardini ichiga yutishga majbur. Yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolishiga qaramay, haligacha darslar to‘liq taqsimot qilinmagan. Xodimlar jon jahdi bilan ishga kirishishgan, lekin, ular o‘z kasbiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan ovora. O‘z ustida ishlab, o‘quv rejalarini tayyorlashni boshlashlari uchun esa, ba’zi fanlardan haligacha darslar taqsimot qilinmagan.

«Aslida muammolar juda ko‘p, qancha yozsayam tugamaydi. Lekin alam qiladigani, katta yo‘l chetidagi devorlarni oqlash. Eski kiyimlarni kiyib, bunday ishlarni bajarib turganimizni qanchadan qancha o‘quvchilaru, ota-onalar ko‘rib turishibdi. Rahbar esa, doim bizdan natija talab qiladi. Olimpiadada o‘rin ololmading, bilimlar bellashuvida o‘quvching yuqori ball ololmadi, deb koyiydi yana. Biz mardikorlar qiladigan ishlarni qilayotganimizni ko‘rib turgan o‘quvchilarimiz qanday qilib o‘qishga qiziqsin? Demak, o‘qiganni ahvoli shu ekanda deb, ota-ona ham, o‘quvchi ham xulosa chiqarishi tabiiy», — kuyunadi o‘qituvchi.

Tahririyatdan:

Yodingizda bo‘lsa, avgust oyi boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan 13-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari maktab ma’muriyati tomonidan maktab hududida majburiy mehnatga jalb etilganligi haqida fotolavhalar joylashtirilgach, Adliya vazirligining mas’ul xodimlari tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish uchun joyiga chiqib, o‘rganish o‘tkazilgan va majburiy mehnatga jalb qilish holatlari o‘z tasdig‘ini topgan edi.

Yuqoridagi murojaat yuzasidan ham mutasaddi tashkilotlar o‘rganish o‘tkazib, holatga aniqlik kiritishishini kutib qolamiz.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring