Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qanday qilib Amerikaning mashhur universitetlariga 100 foizlik grant yutish mumkin? (video)

Bugungi suhbatimiz qahramonlaridan biri Amira Askarova, George Washington universiteti magistranti, El-yurt umidi jamg‘armasi stipendiati. Yana biri Islom Urolov, Tufts universiteti magistranti. Universitet jamg‘armasidan ajratilgan 100 foizlik grant sohibi hisoblanadi.

Intervyuning asosiy mavzusi, Amerikaning top universitetlariga 100 foizlik grant yutish masalasidir. Chet elda o‘qishni niyat qilgan yoshlarimiz uchun ushbu suhbat foydali bo‘lishiga ishonamiz!

Chet elda o‘qishni niyat qilayotgan yoshlarimiz uchun yo‘riqnoma-video tayyorlash niyatidamiz, universitet va yo‘nalishni qaysi vaqtda hamda qanday tanlagan ma’qul deb o‘ylaysiz?

Amira Askarova: Tanlov o‘qishga kirish oldidan qilinmaydi – bu bizdagi aksariyat yoshlarning xatosi. U maktab davridayoq, 10-11-sinfda aniqlanishi va yo‘naltirilishi kerak bo‘lgan masaladir. Shuningdek Amerika universitetlarini oladigan bo‘lsak, reyting alohida ahamiyatga ega. Keyinchalik faoliyatga bu bevosita ta’sir qiladi. Yana bir masala, chet elda o‘qishni niyat qilayotgan yoshlarimiz, universitet tanlayotganda alohida oliygohning ichki tartib-qoidalariga e’tibor berishlari kerak.

Islom Urolov: Birinchi navbatda, albatta qiziqish. Ikkinchi navbatda, talaba o‘qishdan keyingi faoliyatini tahlil qilishi lozim. Tanlagan universitetini tamomlagandan keyin qayerga ishga kirishi mumkin va maoshi qancha bo‘ladi, degan savollar muhimdir. Deyarli barcha chet el universitetlarida, jumladan Amerika universitetlari saytida oliygohni bitirganlar qayerlarda ishlashgan va qaysi yo‘nalishlarda ishlaganliklari haqida ma’lumotlar mavjud. Keyingi qadam, bu moliyaviy masaladir. Sizga ma’qul kelgan universitetlar bir qancha bo‘lishi mumkin, e’tiborli jihati shundaki, o‘sha universitetlar talabalar uchun qanday moliyaviy ko‘mak bera oladi, qanday imtiyozlarga ega. Ya’ni, universitet jamg‘armasiga e’tibor berish lozim. Moliyaviy imkoniyati yaxshi, talabalar uchun ko‘proq  moliyaviy rag‘batlantirish bera oladigan universitetni tanlagan ma’qul.

IELTS sertifikati qanchalik muhim?

Amira Askarova: Negadir bizning yoshlarimizda shunday streotip borki, IELTS bahosi qanchalik yuqori bo‘lsa, universitetga kirishingiz imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Ammo, bunday emas, ushbu sertifikat o‘qishga kirishingizni hal qilib beradigan muhim jihat emas.

Islom Urolov: IELTS o‘zi nima, ingliz tili darajangizni belgilovchi tizimlashtirilgan test, u sizning bilim darajangizni emas, balki asosiy imtihonga tayyor yoki yo‘qligingizni tekshiradigan test xolos. Aytaylik, tanlagan universitetingizda minimal IELTS 6,5 ball talab etilsa, lekin siz 8 ball olsangiz, bu sizning boshqalardan ustunligingizni ko‘rsatmaydi va keyingi bosqichlarda siz ham, 6,5 olgan abituriyent ham bir xil darajada bo‘lasiz. IELTS sertifikati – zaruriy, ammo yetarli bo‘lmagan shart.

Ikkingiz ham 100 foizlik grant asosida Amerikaning top universitetlarida o‘qiysiz, aynan Scholarshipga ega bo‘lish yo‘llari va tartib-qoidalari haqida gaplashsak?

Amira Askarova: Men 2022 yili El-yurt umidi jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan birinchi tanlovda qantashib, grant sohibi bo‘ldim. Ikkita bosqichdan o‘tganman, birinchisi – hujjat topshirish, keyingi bosqich esa – suhbat. Hajjat topshirish jarayonida eng keraklisi, o‘qishga kirganingiz to‘g‘risidagi xatdir, bu jamg‘arma stipendiantiga aylanish uchun, top 300 talik universitetga kirgan bo‘lishingiz kerak. Suhbat jarayonida esa, nafaqat bilim va ko‘nikmalariningiz, balki psixologik holatingiz ham tekshiruvdan o‘tkaziladi. Stipendiya g‘olibiga aylansangiz, o‘qish harajatlari, yashash va aviachipta harajatlari jamg‘arma tomonidan qoplanadi. Shunday qilib, hozirda George Washington universitetidan 60 foizlik grantga ega bo‘lganman, qolgan harajatlar esa jamg‘arma tomonidan qoplanadi. 

Islom Urolov: Men universitet jamg‘armasidan ajratiladigan «Kelajak liderlari» granti g‘olibi bo‘lganman. Yiliga 60 ming dollarlik kontrakt to‘lovi hozirda jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi. Grant yutish uchun alohida hujjatlar topshirilmaydi va suhbat jarayonlaridan o‘tmadim. Ushbu dasturdagi asosiy hujjat, Personol Statement, ya’ni ushbu dasturda o‘qishingizdagi motivatsiyangizni belgilovchi xat.

Ham o‘qib, ham ishlashning qanchalik iloji bor?

Islom Urolov: Qonun bo‘yicha talabalar 20 soat ishlashi mumkin, minimum topadigan pulingiz esa, 15 dollardan 20 dollargacha bo‘ladi. Bu bir oyga 1 200 dollarni tashkil etidi. Bu esa bir oylik yashash harajatlaringizni ham qoplamaydi. Kontrakt to‘lovini esa ishlab topish deyarli ilojsiz. O‘qishga ketishdan oldin, hech bo‘lmasa birinchi yilni nimaning hisobiga moliyalashtirishni oldindan o‘ylashingiz kerak. Aks holda, juda qiynalasiz. O‘qish juda qiyin, talab esa katta, ham o‘qib, ham ishlash imkonsiz.

Mahalliy ta’lim tizimidagi yutuq va kamchiliklar haqida biroz suhbatlashsak... 

Islom Urolov: Men O‘zbekistonda bakalavr bosqichini o‘qib, keyinchalik Koreya va Amerika ta’lim tizimlariga ham guvoh bo‘laganim uchun solishtirish imkoniyatiga egaman. Bizda talabaning ta’lim olishiga bo‘lgan adminstrativ to‘siqlar juda ko‘p. Shuningdek, bu yerdagi talabalar darsga bir para kirmasa hech narsa yo‘qotmasligiga ishonadi, aksincha bir para kutubxonada o‘tirib, o‘zi shug‘ullansa, ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladi. Agar Amerikada talaba bir para darsga kirmasa, o‘sha bilimni egallash uchun 5-6 soat «kutubxonadan chiqmaslik»ka majbur, shuning uchun ham dars qoldirmaslik birinchi navbatda uning manfaatlariga xizmat qiladi.

Amira Askarova: Bizda fanlar juda ko‘p, ammo amaliyot va topshiriqlar nisbatan kam va oson. Amerikada 3 ta fanni o‘qisangiz ham, undagi darslarni qilish uchun juda ko‘p kitob o‘qishga majbursiz. Birgina berilgan topshiriqni oylab bajarishga to‘g‘ri keladi va natijada katta loyihani boshlab yuborishingiz hech gap emas.

Yechim sifatida nimalarni taklif eta olasiz?

Amira Askarova: Men hozir ta’lim tizimini butkul o‘zgartirish kerak deya olmayman. Tizimli ravishda asta-sekin amalga oshirsa bo‘ladi. Birinchi navbatda, talabalikka qabul jarayonlariga suhbat qo‘shish kerak deb hisoblayman. To‘g‘ri, abituriyentlar juda ko‘p, ammo bu imkonsiz degani emas. Abituriyentni aynan shu sohaga qiziqishi bormi, yoki 3 ta blok fanni yaxshi bilgani uchun topshiryaptimi? Buni albatta aniqlash kerak deb o‘ylayman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring