Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muqobil energetika ko‘plab muammolarga yechim bo‘la oladi

Muqobil energetika ko‘plab muammolarga yechim bo‘la oladi

Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Rivojlanish va iqtisodiy o‘sish energiyaga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keladi. Shu bois an’anaviy energiya manbalari zaxiralarining kamayib borishi sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyati, dolzarbligi ortib bormoqda.

Mamlakatimiz aholisini sifatli va uzluksiz energiya bilan ta’minlashda aynan ushbu yo‘nalishda jalb qilinayotgan investitsiyaviy loyihalar soni tobora ko‘paymoqda.

Xususan, yashil energetikani yanada rivojlantirish maqsadida 9 milliard AQSh dollarilik investitsiya bitimlari imzolandi.

Oxirgi 4-5 yilda jami quvvati 7 ming 47 megavattga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 21 ta bitim hamda jami quvvati 2 ming 30 megavatt bo‘lgan 5 ta o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish shartnomasi tuzildi.

Ushbu loyihalarning ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 15 ta qaror imzolandi.

Mazkur loyihalarning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga bajariladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi endi-endi rivojlanmoqda. Kelajakda uning samaradorligini oshirish, ekologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash uchun katta miqdorda sarf-xarajatlar talab etiladi. Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning asosiy muammolaridan biri — olingan energiyani saqlash va uzatish hisoblanadi. Shu kabi masalalarga yechim topish, yashil energetikani rivojlantirish, sohaga innovatsiyalarni joriy etishda investitsiyalarga tayanish maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekistonda yashil energetika, ya’ni quyosh va shamol elektr stansiyalari istiqbollari uchun faol ravishda investitsiyalar jalb qilinishi, davlat budjetidan moliyalashtirish ishlari natijasida nisbatan arzon va ekologiyaga zararsiz qo‘shimcha energiya manbalari yaratiladi. Buning natijasida energiya iste’molidagi umumiy yuklamaning asta-sekin muqobil energiya manbalari hisobiga normallashib borishiga erishiladi.

Muqobil energiya manbalari sohadagi aksariyat muammolarga yechim bo‘la oladi. Ammo uni iste’molchilarga yetkazish uchun ham mukammal va eskirmagan infratuzilma kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring