Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat yangi tahrirdagi qonunni qabul qildi

Senat yangi tahrirdagi qonunni qabul qildi

Navbatdagi yalpi majlisda «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri Senat a’zolari tomonidan muhokama qilindi.

Ta’kidlangandek, mazkur Qonun bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi sub’yektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda.

Jumladan, bugungi kunda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sababli qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida bundan keyin bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning arizasi bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati yaratiladi. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi ob’yektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, Qonun bilan telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi sub’yektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Qonunga ko‘ra endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Qonun normalari Konstitutsiyaga moslashtirilib, telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonuni qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Muzokaralardan so‘ng Qonun ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring