Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tijorat siri: «Apple» yashirincha eski «Ayfon»larni sekinlashtirib qo‘yadi

Tijorat siri: «Apple» yashirincha eski «Ayfon»larni sekinlashtirib qo‘yadi

Bu kishi esa yangi «Ayfon» olganidan xursand.

Foto: «Lenta.ru»

Buni uzoq vaqt foydalanuvchilardan yashirib kelishdi.

Muammoga birinchi bo‘lib oddiy foydalanuvchi e’tibor qaratdi

Dekabr oyi boshlarida «Reddit»ning «TeckFire» nikli foydalanuvchisi o‘zining «iPhone 6s» smartfoni sezilarli darajada sekin ishlay boshlaganiga e’tibor qaratdi. U muammo smartfon akkumulyatoriga bog‘liq deb taxmin qildi. Foydalanuvchining fikricha, tizim mustaqil ravishda protsessor tezligi chastotasini pasaytiradi. Akkumulyator almashtirilganidan keyin qurilma tezligi ikki baravarga oshgan.

Smartfon tezligini sinovdan o‘tkazuvchilar bu taxminni tasdiqlashdi

«TeckFire»ning blogposti nafaqat oddiy foydalanuvchilar, balki mutaxassislar e’tiborini ham tortdi. Protsessorlar tezligini baholovchi mutaxassis, «Geekbench» sintetik testi muallifi Jon Pul o‘zining mustaqil tadqiqotlarini boshlab yubordi. Mutaxassis «iPhone 6s» protsessori tezligini «iOS»ning turli talqinlarida sinab ko‘rdi. Sinovlarda «iOS»ning 10.2.1 va 11.2 talqinlaridagi smartfonlar uning eski dasturidagi qurilmalariga nisbatan sezilarli ravishda tez ishlagani aniqlandi. Demak, protsessorning tezlik chastotasini pasaytirish imkoniyati qariyb bir yil avval — «iOS 10.2.1» chiqishi bilan paydo bo‘lgan. O‘sha yangilanishda «iPhone 6s»  va «6s»da akkumulyatorlar ishi optimallashtirilgani e’lon qilingandi.

«Apple» eski «iPhone»larda ishchanlik atay sekinlashtirilganini tan oldi

Jon Pulning maqolasidan keyin bir necha kun o‘tib, «Apple» rasmiy izoh berdi. Kompaniya vakillarining tan olishicha, «iOS»da haqiqatanam akkumulyator eskirganida qurilma ishchanligi pasayishi funksiyasi o‘rnatilgan. Va bu shunchaki yaxshi niyatda, «foylanuvchilik tajribasini oshirish uchun» qilingan ekan. «Gap faqat qurilmaning ishchanligida emas, balki uning yaroqlilik muddatida ham ketmoqda. Litiy-ionli akkumulyatorlar past haroratda, quvvati oz qolganida va eskirganida yetarli tok bilan ta’minlay olmaydi. Bu qurilmaning kutilmaganda o‘chib qolishiga olib kelishi mumkin», deyiladi rasmiy izohda.

Shu tarzda «iPhone»ning xizmat muddati bir yildan oshmaydi

Kompaniya izohida bir qiziq band bor, unda qaysi qurilmalar shunday «o‘ziga xoslik» bilan ta’minlangani keltirilgan. «O‘tgan yili biz  «iPhone 6s»  «6s» va «SE» qurilmalariga shunday funksiyani kiritgandik. Bu yil «iOS 11.2» dasturli «iPhone 7»ga bu funksiyani qo‘shdik va keyingi yillarda ham bu ishni davom ettiramiz», deyiladi izohda. Demak, endilikda har bir «Ayfon» bir yillik xizmatni o‘tagach, protsessor tezligi «kesila» boshlaydi, jumladan, 12 million so‘mlik «iPhone X»da ham. Va maksimal darajada «foylanuvchilik tajribasini oshirish uchun» yo qurilma akkumulyatorini almashtirish yoki yangi «Ayfon» sotib olish kerak.

«O‘ziga xoslik»ni har qancha yashirishga urinishgan

«iOS» uchun ilovalar tayyorlovchi Marko Arment (Marco Arment)ning so‘zlariga ko‘ra, u va uning hamkasblari foydalanuvchilarni qurilmaning ishchanligi pasayishi mumkinmas deb ishontirib kelishgan. «Apple» tizimning barcha sirlarini ochmagani uchun u o‘z so‘zlariga to‘liq ishonch hosil qila olmagan. «Eski  «iPhone»larning yashirincha sekinlashtirilishi, har qanday sabablardan qat’i nazar, kompaniya obro‘siga yillar davomida ta’sir ko‘rsatib turadi», — deya mutaxassis «Twitter» sahifasida qayd qoldirgan.

Muammoning haqiqiy sababi hamon sirligicha qolyapti

Rasmiy izoh berilganiga qaramay, «Apple»ga hamon savollar ko‘p. Nega korporatsiya foydalanuvchilar kamchilikni aniqlaganidan keyingina «yangi funksiya»ni oshkor qildi? Nima uchun foydalanuvchilar bu funksiya bir yil ishlashiga ishonishlari kerak? Eski «Ayfon»larning sekinlashib qolishi yangilik emas. Mantiqan olib qaralganda, «Apple»ning bunday yashirin ishi aslida foydalanuvchilarni har yili yangi talqindagi smartfon xarid qilishga majburlash emasmi?

Boshqa ishlab chiqaruvchilarchi?

Litiy-ionli akkumulyatorlar — barcha smartfonlarning nozik nuqtasi. Istalgan telefonda ma’lum vaqt o‘tgan batareya quvvat manbai kuchsizlanadi, bu muammo bilan boshqa kompaniyalar qanday kurashayotgani noma’lum. Ehtimol, o‘z qurilmalari ishchanligini yashirincha tushirib yuborayotgan faqatgina «Apple» emas...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring