AQSh va Armaniston tinch atom energetikasi sohasida kelishuv tuzmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga o‘tgan yil avgust oyida imzolangan tinchlik kelishuviga rioya qilib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Trampning ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidaga mojaro juda shafqatsiz bo‘lgan va u o‘z prezidentligi davomida tugatgan sakkizta urushdan biri hisoblanadi.
«Endilikda esa mintaqada tinchlik va farovonlik qaror topmoqda», – deb yozdi AQSh rahbari.
Uning ma’lum qilishicha, joriy yil fevral oyida AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Ozarbayjon va Armanistonga tashrif buyuradi. Safardan maqsad – tinchlik tashabbuslarini rivojlantirish va «Tramp yo‘li» deb atalgan xalqaro tinchlik va farovonlik konsepsiyasini ilgari surishdan iborat.
Donald Tramp AQSh Ozarbayjon bilan strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashini, Armaniston bilan esa tinchlik maqsadlariga qaratilgan yadroviy dastur sohasida «ajoyib kelishuv» imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u amerikalik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan yangi bitimlar tuzish, shuningdek, bronejiletlar, qayiqlar va boshqa mudofaa mahsulotlarini Ozarbayjonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar haqida ham gapirdi.
«Bu faqat boshlanishi. Yana ko‘plab loyihalar oldinda», – deya xulosa qildi AQSh prezidenti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter