BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakatning WAM davlat axborot agentligi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, 15 yoshga yetmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt yaratish, undan foydalanish yoki uni boshqarish taqiqlanadi. Shuningdek, ular kontent joylashtira olmaydi, izoh qoldirmaydi va ochiq guruhlarda ishtirok etmaydi.
Qarorga muvofiq, ijtimoiy tarmoq platformalari qoidabuzar akkauntlarni aniqlab, zudlik bilan bloklashi shart.
15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat beriladi, biroq ularning akkauntlariga qator cheklovlar qo‘yiladi. Jumladan, platformalar bunday foydalanuvchilar uchun kontentni filtrlashi, ekran vaqtiga cheklov o‘rnatishi va notanish shaxslar bilan muloqot qilish imkoniyatlarini cheklashi lozim.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish va ularga maqsadli reklama ko‘rsatish taqiqlanadi. Hukumat ta’kidlashicha, ota-onalarning roziligi ham ushbu cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi.
Yangi qoidalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar yoshini aniqlash uchun raqamli ID, biometrik ma’lumotlar yoki boshqa ishonchli tekshiruv mexanizmlarini joriy etishni ham talab qiladi.
Platformalarga yangi talablarga moslashish uchun 12 oylik o‘tish davri berilgan. Qoidalarni buzgan platformalarga nisbatan jarimalar qo‘llanilishi, hatto ular faoliyati mamlakat hududida qisman yoki to‘liq cheklanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter