Belgiya tashqi ishlar vaziri Isroil zarbasidan qurbon bo‘lishiga bir bahya qoldi
Belgiya tashqi ishlar vaziri Isroilning Bayrutga qilgan hujumi sabab o‘lib ketishiga bir bahya qolganini aytdi.
Belgiya tashqi ishlar vaziri Maksim Prevost 8-aprel kuni Livanga rasmiy tashrifi chog‘ida Isroil hujumining qurboniga aylanishiga sal qolganini aytdi.
Prevostning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari vazir Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashayotgan paytda oldindan ogohlantirmasdan Bayrutga katta zarba berdi. Muzokaralar raketa hujumi sodir bo‘lgan joydan bir necha yuz metr narida joylashgan elchixonada bo‘lib o‘tgan.
«AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi sulh Livanni ham qamrab olishi kerak», deb ta’kidladi Belgiya tashqi ishlar vaziri.
Prevost Livan hukumatini qo‘llab-quvvatlash va Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi mojarodan jabr ko‘rgan oilalar bilan birdamlikni bildirish uchun Bayrutga keldi.
8-aprel kuni AQSh va Eron ikki haftalik sulhga kelishib oldilar. Biroq, ko‘p o‘tmay, Isroil «Hizbulloh» infratuzilmasiga eng katta hujumni e’lon qildi.
Isroil armiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar Bayrut, Beka vodiysi va janubiy Livanga qaratilgan. Isroil Mudofaa Kuchlari jami 100 dan ortiq nishonga, jumladan, qo‘mondonlik punktlari va harbiy inshootlarga zarba berganini da’vo qilmoqda.
Livan fuqarolik mudofaasi ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni sodir bo‘lgan keng ko‘lamli bombardimon 254 kishining hayotiga zomin bo‘ldi (raqamlar aniqlanmoqda) va mingdan ortiq odam yaralandi.
Eron parlamenti raisi Muhammad Bagher G‘olibafning aytishicha, Livanga berilgan zarbalar ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralarga putur yetkazadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter