Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa davlatida minglab odam norozilik namoyishiga chiqdi. O‘zi nima gap?

Yevropa davlatida minglab odam norozilik namoyishiga chiqdi. O‘zi nima gap?

Foto: AP

Shimoliy Makedoniyada ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Poytaxt Skope ko‘chalariga chiqqan minglab fuqarolar Bolgariyaga yon bermaslikni talab qilmoqda, deb xabar beradi The Washington Post nashri. Namoyishchilar hamda politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bergan.

Gap shundaki, Shimoliy Makedoniya ko‘p yillardan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga harakat qilmoqda. Ammo so‘nggi paytlarda YeI a’zosi Bolgariya bunga qarshi chiqmoqda. Rasmiy Sofiya Shimoliy Makedoniyaga «Yevropa uyi»ga a’zolik yo‘lida muzokara boshlash uchun mamlakat konstitutsiyasiga bolgar millati haqida alohida band qo‘shish shartini qo‘ymoqda. Ayni choqda, makedon tarixi, tili, madaniyati va o‘ziga xosligi borasida ham munozara avj olgan. Xususan, Bolgariya talabiga ko‘ra, makedon tilining ildizi bolgar tiliga borib taqalishi rasman tan olinishi kerak.

Fransiya, o‘z navbatida, bolgar–makedon ixtilofini bartaraf etish uchun o‘z rejasini taklif qilgan. Shimoliy Makedoniya ma’muriyati esa rasmiy Parij taklifiga rozi bo‘lishga moyil.

Skope ko‘chalariga yig‘ilgan ko‘p sonli namoyishchilar YeIga a’zolik bo‘yicha muzokaralarda Bolgariyaning «kamsituvchi» talablarini qabul qilmaslik, Fransiyaning taklifini ham rad etishni so‘ramoqda.

«Agar Yevropa tamaddun sohibi bo‘lgan biz makedonlarni qabul qilishga tayyor emas ekan, Makedoniya va makedonlarning milliy o‘zligi hamma narsadan ustun ekanini anglaydigan siyosatchilar topilguncha sabr qilib turamiz», – deydi Shimoliy Makedoniya milliy ozchilik demokratik partiyasi yetakchisi Xristian Mitskoski.

Avvalroq Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ham mahalliy hokimiyatni yon berishga undash uchun Skopega tashrif buyurgan edi.

«Makedoniyaliklar mamlakat nomini, madaniyatini, tarixini o‘zgartirishdan bezor bo‘lgan. Ular Bolgariya hamda YeIdan hafsalalari pir bo‘lganini yashirishmayapti»,  – deb xabar beradi Euronews muxbiri Yulian Stoyanov.

Shimoliy Makedoniya YeIga a’zolik yo‘lida o‘z rasmiy nomiga ham tahrir kiritishga majbur bo‘lgan. YeIning boshqa bir a’zosi – Gretsiya uzoq yillar davomida Makedoniya nomli viloyati borligini vaj qilib, qo‘shni mamlakatdan rasmiy nomini o‘zgartirishni talab qilib kelgan. Shu tariqa Afinaning bosimi ostida 2019 yilda Makedoniya respublikasi nomi Shimoliy Makedoniya respublikasiga o‘zgartirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring