Yevropa davlatida ommaviy namoyishlar. Sabab — Trampning kuyovi...
Kushner muhofaza hududida hashamatli kurort qurishni taklif etmoqda.
Yevropa janubi-sharqidagi kichik davlat — Albaniyada minglab kishi ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Bunga esa AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ilgari surgan hashamatli kurort qurish loyihasi sabab bo‘ldi.
Adriatika dengizi sohilidagi muhofaza etiladigan hududda Jared Kushnerning Affinity Partners shirkatiga aloqador Atlantic Incubation Partners firmasi serhasham dam olish zonasi bunyod etmoqchi.
BBC nashri yozishicha, Albaniya hukumati ushbu loyihaga strategik sarmoya maqomini taqdim etgan. Bu esa uzoq davom etadigan rozilik olish jarayonlari va tanlovlarni chetlab o‘tish imkonini beradi.
E’tiborga molik jihati, Albaniya bosh vaziri Edi Rama hukumati ushbu loyihani 2025-yil yanvar oyida, ya’ni Tramp prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan ma’qullagan.
Ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan haftada boshlangan edi. Namoyishchilar Adriatika dengizi sohilidagi qo‘riqxona zonasida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilishlar ham sohildagi, ham dengizdagi tabiatga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazishini ta’kidlamoqda.
Kushnerning loyihasi Albaniya janubidagi Zvernets yarimoroli va unga yaqin bo‘lgan kichik Sazan orolini qamrab oladi. Mazkur hududda mehmonxonalar, villalar, restoranlar, yaxtalar porti qurish, shuningdek, Sazandagi ko‘p kilometrli tunnellar va istehkomlarni ko‘ngilochar maskanlarga aylantirish rejalashtirilgan.
«Sovuq urush» davrida bu orol o‘nlab yillar davomida yopiq harbiy baza bo‘lgan.
«Loyihaning boshidan oxirigacha shaffoflik kuzatilmadi. Ruxsatnomalarga oid jamoatchilik maslahatlashuvlari yoki ommaviy hujjatlarni ko‘rmadik», — deydi Albaniyadagi tabiatni muhofaza qilish tashkiloti (PPNEA) ijrochi direktori Aleksandr Trayche.
Politico nashri qayd etishicha, badavlat xorijiy investorlar o‘ziga to‘q sayyohlar uchun mehmonxonalar qurish maqsadida mamlakatning tabiiy boyliklariga daxl etayotgani albanlarga ma’qul kelmayotir.
Flamingolar, toshbaqalar yashaydigan va Yevropaning inson qo‘li tegmagan daryo deltalaridan biri joylashgan qo‘riqxona hududi yaqinida 10 ming o‘rinli kurort qurish loyihasi yirik namoyishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu Albaniya 1991-yilda kommunizmdan voz kechganidan beri kuzatilayotgan eng yirik namoyishlar deb baholanmoqda.
«Flamingo inqilobi» deb nom olgan ushbu harakat tor doiradagi ekologik norozilik aksiyasidan Albaniyaning butun hukmron tabaqasiga qarshi qaratilgan umummilliy kampaniyaga aylandi.
«Flamingo inqilobi».
Foto: Reuters
Poytaxt Tiranadagi namoyishchilar buni Albaniya tarixida kommunizm qulaganidan keyingi eng muhim palla deb atamoqda.
Jared Kushner avval ham bahsli loyihalar sabab xalqaro mojaro markazida qolgani ma’lum. Xususan, The Guardian gazetasi Kushnerning G‘azo sektoridagi tinchlikparvar missiyasi ortida ehtimoliy tijoriy manfaatlar turganini fosh etgan, Trampning kuyovi Yaqin Sharq diplomatiyasini tijoriy manfaatlarga qorishtirib yuborgani haqida yozgan edi.
Kushner taklif etgan G‘azo sektorini tiklash bo‘yicha loyiha AQShda yashayotgan falastinlik yozuvchi Syuzan Abulxava tomonidan «imperialistik reja» deb atalgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter