Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punktini yopdi

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punktini yopdi

Foto: Miska Puumala/Lehtikuva

24-noyabr, juma kuni Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasidagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punkti – «Salla», «Vartius» va «Kuusamo» Finlandiya hukumati qarori bilan vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Finlandiya Chegara qo‘riqlash xizmati veb-saytida aytilishicha, xalqaro himoyaga endi faqat mamlakat sharqiy chegarasidagi «Raya-Yoosep» nazorat-o‘tkazish punktida ariza topshirish mumkin.

Bu chora-tadbirlar noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yishga qaratilgan. Zero, avgust oyidan buyon Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasida Iroq, Suriya, Yaman, Somali hamda Yaqin Sharq va Afrikaning boshqa davlatlaridan boshpana izlovchilar soni keskin oshgan. Ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yo‘q. Noyabr oyi boshidan beri Rossiya-Finlandiya chegarasida bunday muhojirlar soni 600 kishidan ortgani ma’lum qilingan.

Helsinki Rossiya tomonini oqimni uyushtirganlikda aybladi. «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinen.

«Ochiq o‘tkazish punktlari orqali chegarani kesib o‘tish faqat ularning ish vaqtida amalga oshiriladi. Chegarani boshqa joylardan ruxsatsiz kesib o‘tishga yo‘l qo‘yilmaydi», — deyiladi hujjatda.

23-noyabr kuni Yevropa chegara va qirg‘oqni qo‘riqlash agentligi - Frontex Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmatini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 50 nafar xodimi, shuningdek, patrul mashinalari va boshqa jihozlarni yuborishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasi Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi hisoblanib, 1340 kilometr uzunlikka ega. Helsinki rasmiylari o‘tgan hafta Rossiya bilan chegaradagi to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punktining dastlabki to‘rttasini yopgandi. Keyin yana bir punkt yopildi. Hatto Rossiya bilan chegarani butunlay yopish taklifi ilgari surildi, biroq bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring