G‘arb sanksiyalari Rossiyaga 1,3 trln yevrogacha zarar yetkazdi
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga 1–1,3 trillion yevro miqdorida zarar yetkazganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi, «soya floti» va gibrid ta’sir tarmoqlariga qarshi qaratilgan yangi cheklovlar tasdiqlangan.
Kallas ayni paytda Rossiyaga qarshi 21-paket sanksiyalar ustida ish olib borilayotganini va uning tayyorgarligi tezlashtirilishini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi sanksiyalar iyul oyida qabul qilinishi mumkin.
Shuningdek, YeI Rossiyaning Ukrainadagi urushida ishtirok etgan shaxslarga nisbatan Shengen hududiga kirishni taqiqlash imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxknaning ta’kidlashicha, bunday cheklovlar 600 mingdan ortiq rossiyalik harbiyga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Kallas YeIda ushbu shaxslarni aniqlash uchun yetarli razvedka ma’lumotlari mavjudligini bildirib, bu masala nafaqat Ukraina xavfsizligi, balki Yevropa xavfsizligi uchun ham muhim ekanini qayd etdi.
Bundan tashqari, u Yevropa mamlakatlarini Rossiyaning madaniyat va san’at vakillarini qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishga chaqirdi. Kallasning fikricha, Rossiya tomonidan Ukrainadagi madaniy meros obyektlariga yetkazilayotgan zarar fonida bunday shaxslarga «qizil yo‘lak» yoyish maqbul emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter