Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ispaniya va Argentina o‘rtasidan qora mushuk o‘tdi

Ispaniya va Argentina o‘rtasidan qora mushuk o‘tdi

Saylovoldi tadbirlarga motorli arra ko‘tarib kelgan X.Miley budjet xarajatlarini keskin qisqartirish tarafdori.

Foto: AP

Ispaniya transport vaziri Oskar Puentening Argentina prezidenti Xaver Miley giyohvandlik moddasi iste’mol qilgani haqidagi bayonoti ortidan ikki davlat o‘rtasida diplomatik ziddiyat yuzaga keldi.

Ispan hukumati vakili Argentina prezidentini «yomon odam» ham deb atagan.

«Asl qiyofasini saqlab qolib ham eng yuqoriga ko‘tarilgan o‘ta yomon odamlar bor. Masalan, (Argentina prezidenti Xaver) Miley yoki (AQSh prezidenti Donald) Tramp», – degan Oskar Puente Ispaniya sotsialistik partiyasi anjumanida.

Vazirning chiqishi Madrid va Buenos-Ayres o‘rtasidagi tarang siyosiy munosabatlarni yanada keskinlashtirdi.

Argentina prezidenti ma’muriyati tomonidan berilgan javob-bayonotda Ispaniyaning Xaver Miley xatti-harakatini muhokama qilishdan ko‘ra muhimroq yumushlari borligi ta’kidlanadi.

Ayni paytda ispan bosh vaziri Pedro Sanchesning ayoliga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq ayblov ilgari surilgan. Argentina tomoni ushbu shov-shuvli mojaroga shama qilgan. Miley ma’muriyati Ispaniya hukumati boshlig‘i yuritayotgan siyosat tufayli mamlakatda o‘lim va qashshoqlik darajasi ortganini ham iddao qilgan. Ispaniyaning amaldagi hukumati tarkibiga Kataloniyadagi ayirmachi deb ko‘riladigan siyosiy partiya vakillari kirganiga ham e’tiroz bildirilgan.

O‘z navbatida, bunga javob qaytargan Ispaniya tashqi ishlar vazirligi Miley ma’muriyatining bayonotini asossiz deb tanqid qilgan.

Argentina rahbari Xaver Miley Ispaniya bosh vaziriga raqib bo‘lgan o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi Vox partiyasini qo‘llab-quvvatlab keladi.

Ushbu siyosatchining o‘zi ham boshqa davlatlar bilan bir qator dahanaki mojarolar chiqishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, u braziliyalik hamkasbi Luis Inasiu Lula da Silvani korrupsiyada ayblab, uni «badjahl kommunist» deb atagan. Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obradorga «chalasavod» degan yorliq yopishtirgan. Kolumbiya yetakchisi Gustavo Petroni esa «terrorchi qotil» deya da’vo qilgan. Kolumbiya rahbariyati bunga javoban bir necha argentinalik diplomatni mamlakatdan badarg‘a qilgan.

Yaqin vaqtgacha u qadar mashhur bo‘lmagan Xaver Miley o‘tgan yili prezidentlik saylovi payti populistik chiqishlari bilan tilga tushdi. Libertarianlar partiyasi rahbari bo‘lgan siyosatchi Markaziy bankni tarqatib yuborish, milliy valyuta (peso) o‘rniga AQSh dollarini muomalaga kiritish kabi keskin choralarni taklif qilgan.  U, shuningdek, qurol nazoratini yumshatish, abort qoidalarini kuchaytirish, Rossiya, Xitoy va Braziliya kabi davlatlar hukumatlari bilan aloqalarni uzish rejasini e’lon qilgan.

Shu tariqa u 2023 yil 19 noyabrda prezident saylovining 2-turida 56 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, 10 dekabr kuni davlat rahbari sifatida qasamyod qabul qildi.  Ammo u prezident sifatida ish boshlagach, saylov arafasida bergan aksar populistik rejalarini amalga oshirishga jur’at etmadi.

Avval xabar berganimizdek, Xaver Mileyning tajovuzkor va teatrlashtirilgan uslubi – saylovchilar qarshida superqahramon libosida namoyon bo‘lganidan tortib shtatlarni qisqartirish haqidagi va’dalariga ishontirish uchun motorli arra ishlatishigacha – barchasi uni Amerika prezidenti Donald Trampga o‘xshatishlariga sabab bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring