Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazoirda «tabassumlar inqilobi»ning oltinchi jumasi boshlandi

Jazoirda «tabassumlar inqilobi»ning oltinchi jumasi boshlandi

Foto: «Reuters»

Bugun, juma 29-mart kuni navbatdagi ommaviy namoyishga chiqqan jazoirliklar nafaqat prezident Abdulaziz Buteflika, balki butun hukumat to‘liq almashishini talab qilishyapti. Bu haqda «RIA Novosti» Jazoirda chop etiladigan «Al-Vatan» gazetasiga asoslanib xabar bermoqda.

«Bu «tabassumlar inqilobi» (Jazoirdagi namoyishlarni ko‘pincha jahon ommaviy axborot vositalari shunday atamoqda)ning oltinchi jumasidir», deb yozmoqda nashr.

Jazoir qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Ahmad Gaid Solih 26-mart kuni konstitutsiyaning 102-moddasini ishga solishni ilgari surdi. Bu moddada davlat boshlig‘i salomatligi tufayli o‘z vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda, prezidentlik lavozimi vakant deb e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

«Xalq amaldagi konstitutsiyani, jumladan, 102-moddani ham tan olishni istamaydi. Xalq hukumat to‘liq almashishini, tizim almashishini xohlamoqda. Va bu ish amalga oshmaguncha namoyishini davom ettiradi», — nashr muxolifatchi Sotsial-demokratik harakat yetakchilaridan biri Vohid Benhallaning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Namoyishlar to‘xtamayotganiga javoban mamlakat rahbari Abdulaziz Buteflika yangi prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qilib, hukumat iste’fosini qabul qilgan hamda 18-aprelga belgilangan saylov muddatini kechiktirgandi. U yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha milliy anjuman chaqirish va islohotlar o‘tkazishga va’da bergandi. Barcha siyosiy kuchlar, jamoat arboblari chaqiriladigan bu anjuman bo‘lg‘usi saylov muddatini ham belgilab berishi kerak.

Biroq aksariyat namoyishchilar va muxolifatchi siyosatchilar Buteflika ma’muriyatining qarorlariga ishonchsizlik bilan qarashyapti va mamlakatda hukumat so‘zsiz va to‘liq almashishini talab qilishmoqda.

Buteflikaning prezidentlik vakolati muddati aprel oxirida nihoyasiga yetadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring