Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Mazlumlarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni ikki baravar kuchaytiramiz» – Jozep Borrel

«Mazlumlarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni ikki baravar kuchaytiramiz» – Jozep Borrel

Jozep Borrel.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi inson huquqlarining universalligini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va xalqaro majburiyatlarni buzishga qaratilgan har qanday urinishlarga nisbatan hushyordir. Bu haqda 10 dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel tomonidan berilgan bayonotda so‘z boradi.

«Pandemiya va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi, jumladan, fuqarolik makoniga tobora salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani uchun bu yilgi «Tengsizlikni kamaytirish, inson huquqlarini rag‘batlantirish» mavzusi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ular ilgari mavjud bo‘lgan tengsizliklarni yanada kuchaytiradi, muhtojlikda bo‘lganlarga bosimni kuchaytiradi va butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini sinovdan o‘tkazadi», – deyiladi YeI nomidan berilgan bayonotda.

Ta’kidlanishicha, inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi YeIning SOVID-19 pandemiyasiga qarshi choralar ko‘rishi va tiklanishida diqqat markazidadir. Ayni choqda, Yevroittifoq pandemiya vaziyatida inson huquqlariga qo‘yilgan har qanday cheklovlar mutanosib, vaqtinchalik va kamsituvchi bo‘lmasligi kerakligini uqtiradi.

YeI bosh diplomatiga ko‘ra, inson huquqlari, demokratiya, qonun ustuvorligi va fuqarolik makonini yaratishga sarflangan sarmoya hozirgi va kelajak avlodlar uchun to‘kis jamiyat qurishda muhim ahamiyat kasb etadi.

«Butun 2021 yil davomida Inson huquqlari va demokratiya bo‘yicha 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasiga muvofiq YeI noyob vositalar to‘plamidan to‘liq foydalangan holda butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha global harakatlarni faollashtirishni davom ettirdi. YeI ilk marotaba Xitoy, Shimoliy Koreya, Liviya, Janubiy Sudan, Eritreya va Rossiyaning inson huquqlarining jiddiy buzilishi va suiiste’mol qilinishiga aloqador bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan YeIning o‘tgan yili qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha global sanksiya rejimini qo‘lladi», – deydi J.Borrel.

YeI, shuningdek, 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan 1,5 milliard yevrodan ortiq mablag‘ga mo‘ljallangan maxsus tematik dastur orqali dunyo bo‘ylab inson huquqlari va demokratiyani rivojlantirishda fuqarolik jamiyati tashkilotlari va huquq himoyachilariga aniq ko‘makni kengaytirdi va bu sohada jahon yetakchisi rolini yana bir bor tasdiqladi. Bundan tashqari, 2021 yilda YeI Afg‘oniston, Belarus, Burundi, KXDR, Efiopiya, Eritreya va Myanmada inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashish tashabbuslari doirasida inson huquqlari bo‘yicha qo‘shma milliy forumga raislik qildi.

Qayd etilishicha, 10 dekabr sanasi inson huquqlari umuminsoniy, ajralmas va o‘zaro bog‘liq ekanini eslatib turadi. Shu bilan birga, bu huquqlar doimo himoya qilinishi kerakligini yodga soladi.

«Inson huquqlari kunida biz mazlumlar va xavf ostida bo‘lganlarni qayerda yashamasin, qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni ikki baravar oshirishga va’da beramiz», deydi YeIning Oliy vakili Jozep Borrel.

Ta’kidlanishicha, inson huquqlariga erishish nafaqat inson qadr-qimmatining imperativi; bu – demokratiya, tinchlik va xavfsizlik hamda barqaror taraqqiyotning tamal toshi hamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring