Myanmada 2,2 kilo og‘irlikdagi yoqut topildi
Myanmada 11 ming karat (2,2 kilogramm) og‘irlikdagi yoqut topildi. Bu haqda mamlakat axborot vazirligi xabar berdi.
Yoqut Myanmadagi qimmatbaho toshlar qazib olinadigan asosiy hudud — Mandalay yaqinidagi Mogok tumanida topilgan. Bu tosh sifati va rangi bo‘yicha avvalgi topilmalardan ustunlikka ega. Ekspertlarning fikricha, u 1996-yilda topilgan 21,45 ming karat (4,3 kg) og‘irlikdagi yoqutdan ham qimmatliroqdir. Toshning taxminiy bahosi e’lon qilinmadi. Shuningdek, uni aynan kim topganiga ham aniqlik kiritilmagan.
Topilma to‘q qizil rang va sarg‘ish tusga ega bo‘lib, o‘rtacha shaffofligi hamda shishasimon yaltiroqligi bilan ajralib turadi. Toshga ishlov berilmagan, u tabiiy ko‘rinishini saqlab qolgan.
Myanma jahon bozoriga nefrit va boshqa qimmatbaho toshlarni yetkazib beruvchi mamlakatlardan sanaladi. Qonunlarga ko‘ra, konchilar qimmatbaho topilmalar haqida hukumatni xabardor qilishlari shart, shunga qaramasdan mamlakatda qimmatbaho toshlar qora bozori mavjud.
Ma’lumot uchun: 2015-yilda Jenevadagi Sotheby’s auksionida 25,59 karatli yoqut 30,33 million dollarga sotilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter