Omad changalidagi odam – g‘ayrioddiy Frane Selak
Inson hayotida tasodif, omad va taqdir haqida ko‘p gapiriladi. Ammo shunday odamlar borki, ularning qismati hatto ilmiy ehtimol qonunlariga ham zid ko‘rinadi. Xorvatiyalik musiqa o‘qituvchisi Frane Selak fikrimizning dalilidir. U ketma-ket falokatlardan omon qolgani, o‘lim bilan bir necha bor yuzma-yuz kelgani va keyinchalik millionerga aylangani bilan dunyoga mashhur bo‘ldi. Selak hayoti – fojia, tasodif va g‘ayrioddiy omad qorishgan haqiqiy hayotiy trillerdir.
Oddiy hayotdan boshlangan taqdir
Frane Selak 1929-yilda Xorvatiyada tug‘ilgan. U oddiy oilada o‘sdi. Qandaydir mashhurlik yoki boylikka intilib yashamadi. Hayotining katta qismida Selak musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. U tinch va kamtarona hayot kechirdi.
Aniqrog‘i, falokatlar boshlangunga qadar mutlaqo oddiy inson edi. Ammo 30 yoshidan keyin Selakning hayoti keskin o‘zgarib ketdi.
1-falokat: poyezd halokati
1962-yilda Selak poyezdda ketayotganida ushbu transport relsdan chiqib, muzdek daryoga qulab tushdi. Natijada 17 yo‘lovchi halok bo‘ldi. Selak qo‘li singan va gipotermiya holatida tirik qoldi. U qandaydir kuch bilan suvdan chiqib ketganini aytdi.
Poyezd halokati Selakning o‘lim bilan birinchi jiddiy uchrashuvi edi.
2-falokat: samolyotdan qulash
Bir yil o‘tib, yana fojia ro‘y berdi. Parvoz vaqtida samolyot eshigi ochilib ketishi natijasida boshqa yo‘lovchilar qatori Selak ham tushib ketdi. Samolyot halokatga uchradi.
Selak balandlikdan quladi. Qarangki, u tasodifan qor bosgan pichan ustiga tushdi. Ushbu falokatdan tirik qolgan yagona odam Frane Selak edi.
Mazkur voqea uni Yevropa ommaviy axborot vositalarida mashhur qilib yubordi.
3-falokat: avtobusning ag‘darilishi
1966-yili Selak ketayotgan avtobus muzlagan yo‘l tufayli daryoga tushib ketdi. 4 kishi halok bo‘ldi.
Selak suvdan suzib chiqdi. U faqat yengil jarohatlar olgan edi.
4-falokat: mashina yonib ketishi
1970-yil edi. Selakning shaxsiy avtomobili yo‘lda to‘satdan yonib ketdi. U mashina portlashidan bir necha soniya oldin avtoulovdan tushib qochishga muvaffaq bo‘ldi.
5-falokat: yana avtoulovda...
Benzin nasosidagi nosozlik sababli yana bir avtomobilda portlash yuz berdi. Selakning sochlari yonib ketdi, ammo qarangki, u yana tirik qoldi.
1993-yil edi o‘shanda.
6-falokat: ko‘chada birdan...
1995-yil. Selakni avtobus urib yubordi. U yana yengil jarohat bilan qutulib ketdi.
7-falokat: jarlik qa’rida
Oradan bir yil o‘tgach, 1996 yilda eng dramatik va dahshatli voqealardan biri yuz berdi. Tog‘ yo‘lida Selakning mashinasi boshqaruvdan chiqib ketdi. U mashinadan sakrab, daraxtga ilinib qoldi. Avtoulov esa 100 metr pastga qulab tushib portladi.
Frane Selak tag‘in tirik qoldi.
Kutilmagan burilish – million dollarlik yutuq!
Yuqoridagi bir talay falokatlardan so‘ng hayot unga butunlay boshqa “sovg‘a” berdi. 2003 yili Selak milliy lotereyadan taxminan 1 million dollar pul yutdi.
Selak katta uy sotib oldi, to‘y qildi. Keyin esa boy-badavlat hayot kechira boshladi. Ammo bunday yashash uzoq davom etmadi.
«Voz kechaman...»
Keyinchalik Frane Selak kutilmagan qaror qabul qildi. U boylik insonni baxtli qila olmasligini aytdi. Pullarining katta qismini qarindoshlari va do‘stlariga ulashdi. So‘ng ulkan uyini sotib yuborib, oddiy hayotga qaytdi.
«Ha, pullar hech qachon haqiqiy baxtni bermaydi», – deb ta’kidladi u.
Selak haqida bahslar: u afsonami yo haqiqat?
Jurnalistlar va tadqiqotchilar Frane Selakning hayoti borasda turlicha fikr bildirishadi. Yuqorida keltirilgan ba’zi voqealar rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan, ayrimlari jurnalistik rivoyat sifatida baholanadi. Ayrim olimlar esa ehtimollar nuqtai nazaridan bu holatni deyarli imkonsiz deb hisoblashadi.
Shunga qaramay, Selak omma uchun “o‘limni aldagan odam” sifatida qolgan.
Baribir o‘lim haq
Frane Selak hayotining so‘nggi yillarini Xorvatiyada tinch hayot kechirib o‘tkazgan. U ommadan uzoq yashashni afzal ko‘rgan. Jurnalistlarga kamdan-kam intervyu bergan.
So‘nggi ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, Frane Selak 2016-yil 30-noyabrda vafot etgan. U 87 yoshda edi.
Selak tabiiy sabablar bilan hayotdan ko‘z yumgan. Ya’ni, u ko‘plab halokatlardan omon qolgan va nihoyat tabiiy o‘lim bilan vafot etgan.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter