Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pensioner kutilmaganda taniqli josusning ulkan boyligiga merosxo‘r bo‘lib qoldi

Pensioner kutilmaganda taniqli josusning ulkan boyligiga merosxo‘r bo‘lib qoldi

Foto: Dehli politsiyasi

Hindistonning Mangalur shahrida yashovchi Edvin D’Souza kutilmaganda taniqli josusning merosxo‘riga aylandi va chalkashib ketgan sud ishiga sho‘ng‘ib ketdi, deb yozmoqda «Lenta» portali «The Times of India» nashriga asoslanib.

D’Souza merosdan Dehli politsiyasi qo‘ng‘iroq qilgach voqif bo‘ldi. Unga marhum onasi Gerti Uolder va o‘gay otasi Kumer Naraynga tegishli ulkan uyga da’vogarlik qilish huquqi borligi yetkazildi. Mol-mulk 100 million rupiyaga baholangan.

Lekin 76 yoshni qoralagan qariya nafaqat uy, balki o‘gay ota haqida ham birinchi bor eshitib turgandi. Gerti Uolder ikki oyga to‘lar-to‘lmas o‘g‘lini tashlab, boshqa shaharga ketib qoladi. D’Souza buvisining qo‘lida ulg‘ayadi va onasi bilan deyarli ko‘rishmaydi. Keyinchalik onasi ikkinchi marta turmush qurganini eshitadi. Lekin u o‘gay otasining hatto ismini ham bilmasdi.

1964-yili D’Souza so‘nggi bor onasini borib ko‘radi. Bu vaqtga kelib yigitcha bezorilarga o‘ralashib qolib, kichik jinoyatchiga aylanib ulgurgandi. Onasi bilan uchrashgach yigitcha uning avtomobilini o‘g‘irlab ketadi. O‘shanda ham u o‘gay otasini ko‘rmagandi.

Kumer Narayn ham qonunbuzar bo‘lgan, faqat uning «yo‘li» boshqa edi. Gerti Uolderning yangi eri mamlakatlararo savdo bilan shug‘ullanuvchi hind kompaniyasida muhim lavozimlardan birini egallagandi. «New York Times» gazetasining yozishicha, u rahbari bilan birga amaldorlarni sotib olgan, ularni rosa ichirib, harbiy va iqtisodiy sirlarni bilishga uringan. Keyin esa ularni GDR, Polsha va Fransiya diplomatlariga pullagan. Hind matbuoti uning sobiq Ittifoq bilan aloqalarini tilga oladi, lekin isbot topolmaydi.

1985-yili josus va uning hamtovoqlari fosh etiladi. Narayn qamoqqa tushadi, lekin bir necha yildan so‘ng garov pulini to‘lab, turmadan chiqadi. U 2000-yili 75 yoshida, sud bo‘lishiga ulgurmay ozodlikda hayotdan ko‘z yumadi. Josuslik bo‘yicha sud ishlari ikki yildan keyingina nihoyasiga yetadi. Ko‘p o‘tmay kimdir Naraynning xotini va D’Souzaning onasi — Gerti Uolderni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Dafn qilish marosimiga na uning o‘g‘li, na boshqa qarindoshlari keladi.

2008-yili Uolder va Naraynning uyini sobiq cho‘ri — Radxika ismli ayol noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirib oladi. U dastlab o‘zini taniqli josusning tug‘ishgan, keyin esa asrandi qizi deb tanishtiradi. Mol-mulkning qonuniy merosxo‘ri ekanini hujjatlar bilan isbotlashga urinadi — ular soxta bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu boshqa merosxo‘rlarni izlash jarayonini ortga suradi.

Tergovchilar Naraynning qarindoshlarini izlab topisha olmaydi. Lekin arxivdan 1964-yili avtomobili o‘g‘irlab ketilganligi haqidagi Uolderning arizasi chiqib keladi. Unda Mangalurda istiqomat qiluvchi o‘g‘li tilga olingandi. Shu tariqa politsiya Edvin D’Souza haqida xabardor bo‘lishadi. Endi u merosga egalik qilish uchun Radxika bilan sudlashishiga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring