Putinning bahsli farmoniga Moldova prezidenti munosabat bildirdi
Prezident Vladimir Putinning Dnestrbo‘yi aholisiga Rossiya fuqaroligini osonlashtirilgan tartibga berishga doir farmoni hudud aholisini Ukrainaga qarshi urushga safarbar etish maqsadida qabul qilingan. Moldova prezidenti Mayya Sandu ana shunday deb hisoblaydi.
«Ularga (Rossiyaga – tahr.) shunchaki Ukraina urushiga yuborish uchun ko‘proq odam kerak», – degan Moldova prezidenti Politico muxbiri bilan suhbatda.
Sanduning fikricha, ushbu farmon bilan Rossiya Dnestrbo‘yini qayta integratsiya qilishga urinayotgan Moldova hukumatiga bosim o‘tkazishga ham urinmoqda.
Qayd etilishicha, Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlangach, Dnestrbo‘yining aksar aholisi xavfsizlik vajidan Moldova pasportini olishni ma’qul ko‘rgan.
Moldova bosh vaziri Aleksandr Muntyan ham shunday mazmunda fikr bildirgan.
«Oxirgi vaqtlarda askar yig‘ish sur’ati pasayib ketgani inobatga olinsa, Kremlning ushbu qarori zamirida frontga ko‘proq askar to‘plash maqsadi yotibdi», – degan bosh vazir.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Moldova rahbariyati bilan hamfikr.
«Rossiya shu tariqa yangi askarlar topmoqchi. Negaki, fuqarolik harbiy xizmatga majburlik demakdir. Bu bilan Rossiya Dnestrbo‘yini o‘z hududi deb da’vo ham qilmoqda», – degan Ukraina yetakchisi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 15 may kuni Putin Dnestrbo‘yi aholisining Rossiya fuqaroligini olishini osonlashtiruvchi farmonga imzo chekdi.
Putin ma’qullagan farmon Dnestrbo‘yi aholisiga rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha imtihon topshirmasdan ham RF fuqaroligini olish imkonini beradi.
Dnestrbo‘yi – Moldova Respublikasi tarkibidagi separatistik kayfiyatdagi hudud. 1990 yilda Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi tuzilgani e’lon qilingan edi. Ammo bu respublikani dunyo davlatlari va BMT tan olmagan.
Dnestrbo‘yida 1500 nafar rossiyalik askar mavjud. Moldova rahbariyati ko‘p yillardan buyon hududdan rus qo‘shini olib chiqib ketilishini talab qilib keladi.
Prezident Mayya Sandu Kreml Moldovada davlat to‘ntarishi va qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida ham bayonot bergani ma’lum.
Rossiya qutbidan chiqib, erkin dunyo sari intilayotgan Moldova allaqachon MDHni tark etish yo‘lida amaliy qadamlar tashladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter