Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda g‘alayonlar: bariga mutafakkir Abay asarlarida javob bor...

Qozog‘istonda g‘alayonlar: bariga mutafakkir Abay asarlarida javob bor...

Qozog‘istonda so‘nggi haftalarda kuzatilayotgan notinch vaziyat dunyo hamjamiyati e’tiborini qardosh o‘lkaga qaratdi. Albatta, norozilik namoyishidan boshlangan g‘alayonlarning sabab va oqibatlari hali uzoq tadqiq etiladi, siyosatshunoslar, iqtisodchilar, sotsiologlar, psixologlar o‘z xulosalarini aytadi.

Shu kunlarda qozoq xalqining ulug‘ farzandi, shoir va ma’rifatparvar Abay Qo‘nonboyev (1845-1904) asarlarini varaqlab, g‘alayonlarga qisman javob topgandek bo‘ldim. Mutafakkir fojialarni oldindan sezgandek hikmat va she’rlarida o‘zi bilan o‘zi yovlashgan xalq, olomonning vayronkor kuchi, davlatni idora etish mas’uliyati haqida achchiq haqiqatlarni bayon etadi...

Suqrotga zahar ichtirgan, Janna d`Arkni o‘tda yondirgan, Isoni xochparchin qilgan kim? Olomon. Demak, olomonning aqli yo‘q. Evini topda uni haq yo‘lga sol.

* * *

Bahs – aslida ilm o‘rganishning bir yo‘li. Biroq unga ortiqcha hirs qo‘yish yaramaydi. Chunki bahsga ortiqcha hirs qo‘yishdan mag‘rurlik, maqtanchoqlik, xusumat, yolg‘onchilik, hatto arzimagan narsadan janjal chiqarish va birovga musht ko‘tarish kabi yomon fazilatlar tug‘iladi.

* * *

To‘q tilanchi – odamning shaytoni,

Ilmsiz so‘fi – mo‘ltoni.

* * *

Xudoga ham, bandasiga ham xush kelmaydigan, or-nomusni oyoqosti qiladigan ishlardan o‘zini sof tuta olmaydigan, behuda maqtovlarga uchadigan, o‘zining qilayotgan ishini o‘zi sezmaydigan yigitni yaxshi yigit deb bo‘ladimi? Sadqai yaxshi yigit ketsin u!

* * *

Dovyurak inson yurak amriga amal qiladi va bir so‘zli bo‘ladi: u karvonning ortidan it kabi ergashavermaydi, balki yo‘ldan adashganlar otining boshini to‘g‘ri yo‘lga burib yuborishga yaraydi.

* * *

Qozoq ham xom sut emgan odam bolalaridan biri. U ham boshqalarga o‘xshab hayotda adashishi mumkin. Nodonligi uchun emas, balki aql-idrokka quloq solmaganidan, aqllining so‘zini o‘qib olishda yuragida g‘ayrat-shijoat yetishmasligidan adashadi.

* * *

Bexosdan yomonlik qilib qo‘yganimni bilmay qoldim degan kishilarga ishonmayman. Ko‘pincha bunday holat irodasizlik va or-nomussizlik tufayli sodir bo‘ladi.

* * *

Zo‘r yigit, polvon yigit, abjir yigit degan olqishlar bilan “Olg‘a, botirim!” deya g‘o‘r yigitlarni baloga yo‘liqtirib, juvonmarg qilganlarning ham guvohi bo‘ldim.

* * *

Odamning odamgarchiligi ishni qanday boshlaganidan bilinadi, qanday bitirganidan emas.

* * *

Qozog‘im, sho‘rli yurtim, vayron yurtim!

Qorong‘ida yo‘l topmay, hayron yurtim!

Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,

Og‘zida ham qon, ham moy, sarson yurtim!

* * *

Otasining bolasi – odamning dushmani, odamning bolasi – jigaring.

* * *

Odam bolasini zamon voyaga yetkazadi, kimda-kim yomon bo‘lsa, buning uchun uning zamondoshlarining barchasi aybdor.

* * *

O‘zi bilan yovlashgan yurtim, tingla!

O‘zi bilan dovlashgan yurtim, tingla!

Dardingga davo bo‘lsin o‘lanlarim,

Bir-birini ovlashgan yurtim, tingla!

* * *

Agar qonun qudrati mening qo‘limda bo‘lsa edi, odamning fe’lini tuzatib bo‘lmaydi degan kishining tilini kesar edim.

* * *

Achchiqlanib baqirganning ziyoni yo‘q, g‘azablanib indamagandan qo‘rq.

* * *

Baxti ortiq podshodan aqli ortiq faqir yaxshi.

* * *

Biy bo‘ldi qiyqim boylar bosh-boshiga,

Dog‘ soldi, zahar soldi yurt oshiga,

Qo‘rqaman, asosi yo‘q ko‘r singari,

Elim unar buzuqlar aldashiga!..

* * *

Xalni boshqarish deysizmi? Yo‘q, xalqni idora etib bo‘lmaydi. Bu og‘ir yukni zimmasiga bedavo xastalik orttirishni istagan odam yoki yuragi qaynoq jo‘shqin yigit olaqolsin. Gardanimga bunday zalvorli yuk tushishidan Ollohning o‘zi saqlasin!

* * *

Elat bilan elat yov boylik uchun,

Og‘a bilan ini yov siylik uchun,

Qozog‘im, o‘z-o‘zingni o‘ylamasang,

Badbaxt kunga qolmasmi taqdir butun?

* * *

Kimning boshiga g‘am-tashvish tushmaydi? Umidni uzmoq – matonatsizlik. Dunyoda har narsaning intihosi bor, yomonlikning ham oxiri yo‘q deb kim aytadi? Qalin qorli qahraton qishning ortidan ko‘m-ko‘k maysalari mo‘l, yomg‘iri ko‘l ko‘klam kelmaydimi, axir!..

S.Salim tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring