Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq hukumat rahbari boshi ustida qora bulutlar to‘planmoqda

Sobiq hukumat rahbari boshi ustida qora bulutlar to‘planmoqda

Buyuk Britaniya politsiyasi Shotlandiya hukumatining sobiq rahbari Nikola Sterjenni hibsga oldi. Cobiq birinchi vazir Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) mablag‘lari talon-toroj etilishiga doir ish doirasida qo‘lga olingan.

Sterjen kechga yaqin, ayblov e’lon qilinmagan holda qo‘yib yuborilgan. Tergov va so‘roq yana davom etishi aytilmoqda. 

Avvalroq ushbu jinoiy ish doirasida N.Sterjenning turmush o‘rtog‘i, 1999 yildan Shotlandiya milliy partiyasi ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Piter Myurrell ham so‘roq qilingan edi. Shuningdek, partiyaning Edinburgdagi qarorgohida tintuv o‘tkazilgan.

Nikola Sterjen Buyuk Britaniya siyosatida uzoq yillar markaziy o‘rin tutib kelgan. 8 yil davomida hukumatga rahbarlik qilgan siyosatchi Shotlandiya mustaqilligi kurashchisi sifatida tanilgan.

Joriy yil mart oyida u kutilmaganda iste’foga chiqqan va bu qarorini «yo‘lni o‘zgalarga bo‘shatish fursati yetgani» bilan izohlagan edi.

27 mart kuni esa pokistonlik muhojir farzandi bo‘lgan Humza Yusuf Shotlandiya milliy partiyasi raisi etib saylangan. Shu tariqa u Shotlandiya tarixidagi ilk musulmon yetakchi sifatida tarixga kirgan.

Partiya mablag‘larini noqonuniy ishlatishga doir tergov ishi 2021 yil iyul oyida ochilgan. Tergov idorasi Shotlandiya mustaqilligiga oid referendum o‘tkazish uchun yig‘ilgan 600 ming funt sterling nima maqsadda ishlatilganini o‘rganmoqda.

Partiya hisobotiga ko‘ra, 2017-2020 yillarda referendum uchun 600 ming funt sterlingdan ziyod mablag‘ yig‘ilgan. Ammo referendum o‘tkazilmagani holda, partiya g‘aznasidan katta miqdordagi mablag‘ xarjlab yuborilgan.  

Taxminlarga ko‘ra, Nikola Sterjen partiya mablag‘lari noqonuniy sarflanganini bilgani bois iste’fo bergan. Siyosatchining o‘zi esa aybsiz ekani aytmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring