Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp Netanyahuga “advokatlik” qildi

Tramp Netanyahuga “advokatlik” qildi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil prezidenti Itsxak Gersogni korrupsiyaga oid jinoyatlarda ayblanayotgan bosh vazir Binyamin Netanyahuni afv qilishga chaqirdi. Bu haqda u Isroil parlamentida (Knesset) dushanba kuni qilgan chiqishida gapirgan.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, Netanyahu sud tomonidan aybdor deb topilsa, prezident uni afv etish vakolatiga ega.

“Menda shunday fikr bor. Janob prezident, nega uni afv etish mumkin emas ekan?! Afv eting uni... Bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Sizga yoqadimi-yo‘qmi, bu urush davrining buyuk yetakchilaridan biri... Cigara va shampan vinosi, jin ursin, kimga ham qiziq ekan?!” – degan Tramp Netanyahuni jinoiy jazodan xalos etishga da’vat etarkan.

Binyamin Netanyahu poraxo‘rlik, firibgarlik va vakolatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. U jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan ilk amaldagi hukumat rahbari sanaladi.

Aslida, unga qarshi jinoyat ishi 2019 yilda qo‘zg‘atilgan. Ammo yahudiy davlati hamda HAMAS o‘rtasidagi urush sabab mahkama jarayoni ortga surilgandi.

Tergov idorasiga ko‘ra, Netanyahu milliarder va kinoprodyuser Arnon Milchandan uning tijoriy ishlariga ko‘mak berish evaziga bir necha o‘n ming dollarlik sovg‘alar olgan.

Bundan tashqari, u Walla yangiliklar saytiga egalik qiluvchi Bezeq telekommunikatsiya shirkatiga 475 ming yevrolik tartibga solish xizmatini taqdim etgan. Prokurorlar qaydicha, buning evaziga shirkatga qarashli OAV Netanyahu va uning xotini haqida maqtov ruhidagi materiallar e’lon qilgan.

Bosh vazir “Yedioth Ahronoth” nashri bilan ham shunday munosabatga kirishishda ayblanmoqda.

Netanyahuning o‘zi ayblovlarni rad etmoqda.

Hozirda sud jarayoni davom etmoqda. Netanyahu muhim davlat ishlari vajidan mahkamani bir necha marta ortga surdirgan.

Netanyahuni Xalqaro jinoyat sudi ham og‘ir jinoyatlar uchun ta’qib qilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan.

Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Netanyahu hibs orderiga qaramay, 2025 yil 3 aprel kuni Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan Vengriyaga tashrif buyurgan edi. Vengriya rahbariyati XJS talabiga qarshi borgani xalqaro huquqning poymol etilishi deb baholagan.

Donald Tramp Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlab keladi. Yahudiy davlati G‘azo sektorida olib borgan qonli harbiy harakatlarda, shuningdek, Eronga qarshi urushda Tramp ma’muriyati yaqindan ko‘mak berdi.

Tramp ma’muriyati Netanyahuni himoya qilish uchun Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan sanksiya joriy etgani ham ma’lum. Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan XJSga jazo choralari qo‘llanishi misli ko‘rilmagan holat deb baholangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring