Bir tomchi qon va 9 milliard dollarlik yolg‘on
The Wall Street Journal (WSJ) gazetasida chop etilgan birgina maqola Kremniy vodiysining eng yirik «mo‘jiza»sini yer bilan yakson qildi. Jurnalist Jon Karreyruning surishtiruvi zamonaviy biznes va jurnalistika tarixidagi eng shov-shuvli voqealardan biriga aylandi. O‘shanda 2015 yil oktyabr oyi edi...
«Ayol Stiv Jobs» va inqilobiy va’da
Hammasi 2003-yilda 19 yoshli Stenford universiteti talabasi Elizabet Xolms o‘qishni tashlab, Theranos kompaniyasiga asos solishidan boshlandi. Uning g‘oyasi tibbiyotda inqilob qilishni va’da berar, bu esa barmoq uchidan olingan atigi bir tomchi qon orqali yuzlab kasalliklarni (saratondan tortib diabetgacha) tez, og‘riqsiz va arzon aniqlaydigan «Edison» nomli mitti qurilma yaratish bilan bog‘liq edi.
Xolms o‘z qiyofasini puxta shakllantirdi: u Stiv Jobsga taqlid qilib, hatto unga o‘xshab kiyinishga urinardi va ishonchli ko‘rinish uchun atayin yo‘g‘on ovozda gapirardi. Xolmsning notiqlik mahorati shu darajada kuchli ediki, u AQShning sobiq davlat kotiblari Genri Kissinjer va Jorj Shuls, sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mettis kabi nufuzli arboblarni kompaniya direktorlar kengashiga jalb qildi. Natijada investorlar Theranos’ga 700 million dollardan ortiq sarmoya kiritishdi, kompaniyaning bozor qiymati esa 9 milliard dollarga yetdi. Elizabet Xolms Forbes tomonidan dunyoning eng yosh milliarder ayoli deb e’lon qilindi.
Jon Karreyru surishtiruvi: parda ortidagi haqiqat
2015-yil boshida WSJ muxbiri Jon Karreyru kompaniya texnologiyasining shaffof emasligidan shubhalana boshlaydi. U Theranos’ning sobiq muhandislari, laboratoriya xodimlari va shifokorlari bilan maxfiy ravishda uchrashib, dahshatli haqiqatlarni yuzaga chiqaradi.
Ma’lum bo‘lishicha, mashhur «Edison» qurilmasi aslida va’da qilingan testlarning atigi kichik bir qismini bajara olgan, shunda ham natijalar o‘ta noto‘g‘ri chiqqan. Buni yashirish uchun kompaniya bemorlardan olingan qonni pinhoniy laboratoriyaga olib kirib, raqobatchi kompaniyalar (masalan, Siemens)ning oddiy tibbiy jihozlarida tekshirgan. Bir tomchi qon mazkur uskunalar uchun kamlik qilgani sababli xodimlar qonni suyultirishga majbur bo‘lishgan, bu esa tahlil natijalarini butunlay buzib yuborgan.
Eng yomoni, mazkur firibgarlik ortidan oddiy odamlarning sog‘lig‘i xavf ostida qolgan. Noto‘g‘ri testlar tufayli ayrim bemorlarga sog‘lom bo‘la turib saraton tashxisi qo‘yilgan, homilador ayollarga esa bolasi nobud bo‘lgani haqida yolg‘on xulosalar berilgan.
Tahdidlar va haqiqatning g‘alabasi
Jurnalist surishtiruv olib borayotganini sezgan Elizabet Xolms va kompaniya rahbariyati maqolani to‘xtatish uchun bor kuchini ishga soldi. Ular AQShning eng qimmat advokatlarini yollab, WSJ tahririyatini sud bilan qo‘rqitishdi, ma’lumot bergan sobiq xodimlarni esa doimiy kuzatuv va tahdid ostiga olishdi.
Shunga qaramay, 2015-yil 15 oktyabrda Jon Karreyruning ilk maqolasi chop etildi. Bu maqola «domino effekti»ni ishga tushirdi. AQSh sog‘liqni saqlash regulyatorlari (FDA) laboratoriyalarni tekshirib, jiddiy qoidabuzarliklarni aniqladi. Walgreens dorixonalar tarmog‘i kabi yirik hamkorlar shartnomalarni bekor qildi, investorlar esa sudga murojaat qila boshlashdi.
Intiho
Bir paytlar tibbiyot kelajagi sifatida ko‘rilgan Theranos 2018-yilda rasman bankrot deb e’lon qilinib yopildi. Jon Karreyru ushbu voqealar asosida dunyo bo‘ylab bestsellerga aylangan «Bad Blood» (Yomon qon) kitobini yozdi. 2022-yilda esa sud Elizabet Xolmsni investorlarni yirik miqdorda aldashda aybdor deb topib, 11 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qildi.
Theranos voqeasi Kremniy vodiysidagi «uddalay olmasang, uddalagandek ko‘rin» (fake it till you make it) tamoyili inson hayoti bilan bog‘liq sohalarda qanchalik fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini butun dunyoga ko‘rsatib berdi.
Ana shunaqa! Ammo hali bu dunyoda yana qanchadan-qancha yolg‘onlar bor, hech kim bilmaydi...
Akbar Anvarov


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter