Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Toshturma»dan qochib ketgan qotil Qirg‘izistonda ushlandi

«Toshturma»dan qochib ketgan qotil Qirg‘izistonda ushlandi

2016-yilda qotillik va zo‘rlaganlik uchun qamalgan O‘zbekiston fuqarosi turmadan qochib ketgandi. U Qirg‘izistonning Botken viloyatida ushlangan.

Bu shaxs viloyatning Qizil Qiya shahrida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, qo‘lga olingan erkak qidiruvda bo‘lgani uchun Qirg‘izistonda boshqa ism bilan yashagan. 2010-yilda Toshkentda sud uni zo‘rlash, qotillik va talonchilik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilgandi.

Biroq jinoyatchi 2016-yilda qamoqxonadan qochib ketgan hamda chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘izistonning Botken viloyatiga ketgan. Bu yerda u o‘ziga yangi tarjimai hol o‘ylab topgan, ismini o‘zgartirgan, uylanib yashay boshlagan.

Qayd etilishicha, bu shaxs Qirg‘izistonda ham jinoiy harakatlarini davom ettirgan. U Qizil Qiya va Qadamjoy shaharlari aholisidan jami 300 ming som (4,3 ming dollar) miqdorida pulni aldov yo‘li bilan undirgan.

O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o‘tish moddasi bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qochoqning hibsga olinishi haqida O‘zbekiston tomoni xabardor qilingan-qilinmagani hozircha noma’lum.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring