Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Korrupsiyaga toqatsizlik muhiti

Korrupsiyaga toqatsizlik muhiti

Korrupsiyadek illatga qarshi kurash siyosati qanchalar jiddiy va izchil davom etishini anglash uchun muhim sanani yodga olsak. 2016-yil 15-oktyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini kiritish haqida qonunchilik tashabbusi» e’lon qilindi. Mazkur hujjat kamida ikki jihati bilan jamoatchilik e’tiborini o‘ziga jalb etdi.

  • Birinchidan, mamlakatimizda Prezidentlik instituti joriy etilganidan buyon birinchi marotaba lavlat rahbarinng Konstitutsiyada belgilangan qonunchilik tashabbusi ochiq-oshkora xalqqa ma’lum qilindi.
  • Ikkinchidan, bu tashabbus respublika rahbarligi ishonib topshirilgan Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur vazifani bajara boshlaganining ilk kunlaridayoq amalga oshirildi.

Mana shu jihatlarning o‘zi korrupsiya muammosi jamiyat hayotida, davlat boshqaruvi sohasida qanchalar jiddiy ko‘lam kasb etib ulgurgani, yangi rahbariyat unga qarshi qat’iy va astoydil kurash boshlaganiga dalolat edi.

Shundan buyon o‘tgan qisqa davr ichida bu sohada amalga oshirilgan ishlar ko‘lami va natijasidan xalqimiz yaxshi xabador. 2017-yilning boshida «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganidan to bugungi kunga qadar uning ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida davlat rahbari darajasidagi ikkita hujjat – bir farmon va bitta qaror qabul qilindi, mamlakatning ushbu sohadagi ustuvor siyosatini belgilab beruvchi yo‘l xaritalari tasdiqlandi.

Garchi O‘zbekiston dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, biroq umumiy holat maqtangudek emas. Davlatimiz rahbarining joriy yilda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, «halollik vaksinasi» bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak», deb bejizga ta’kidlamadi.

Ana shu muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul alohida organ tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Aksilkorrupsiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi mustaqil organni tashkil etish g‘oyasi ilg‘or xorijiy tajribani ham inobatga oladi. Ushbu ko‘rinishdagi organlar qator rivojlangan mamlakatlarda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Jumladan, yuqorida tilga olingan xalqaro reytingning yetakchi o‘rinlarida borayotgan Singapurda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan organ – siyosiy va funksional mustaqillikka ega bo‘lgan Korrupsiya holatlarini qidirish byurosi (Corrupt Practices Investigation Bureau) 1952 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u mazkur illatga qarshi kurashishda muhim rol o‘ynadi. Ushbu mustaqil organ Singapur iqtisodiyotining davlat va xususiy sektorlarida korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘radi. Byuro mansabdor shaxslar orasida suiiste’molchilik holatlarini tekshiradi hamda mazkur holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlarini amalga oshiradi.

Koreya Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil komissiya (Anti-Corruption and Civil Rights Comission) mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosatni muvofiqlashtiradi, sohasida qonunchilikni takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, fuqarolarning korrupsiyaga oid murojaatlarini ko‘rib chiqadi, korrupsiyaviy xavf-xatarlardan xabardor etish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, tegishli dasturlar ijrosi yuzasidan davriy hisobotlar taqdim etadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida davlat organlari boshqa qator mamlakatlarda ham mavjud. Masalan, Finlyandiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va boshqa davlat organlaridan mustaqil bo‘lgan Adliya ombudsmani shug‘ullanadi. Fransiyada Korrupsiyaning oldini olish markaziy xizmati, Ruminiyada Milliy antikorrupsion direktorat, Latviyada Korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish byurosi, Litvada Maxsus tergov xizmati, Avstriyada Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi, Indoneziyada Korrupsiyaga barham berish komissiyasi kabi organlar bu illatning oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar, profilaktika va tekshiruvlarni amalga oshirishadi.

Mamlakatimiz rahbari to‘g‘ri ta’kidlaganidek, jamiyatimning barcha a’zolarini «halollik vaksinasi»si bilan emlash ishi, tan olish lozimki, oson va tez amalga oshadigan ish emas. Lekin mana shu qiyin va mashaqqatli vazifa ijrosiga butun xalq yakdil, bahamjihat kirishmas ekan, yana Yurtboshimiz uqtirganidek, «jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi».

Qolaversa, korrupsiya vujudga keltiradigan ayanchli oqibatlar bir-ikki fuqaroning emas, butun xalqning buguni va kelajagiga jiddiy putur yetkazishi bilan ham o‘ta xavflidir. Bu illat fuqarolarning davlat hokimiyatiga, mamlakatda o‘tkazilayotgan siyosatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga soya solishi barobarida, odamlarning o‘zi mansub xalq, millat va mamlakat xususidagi ideallariga rahna soladi, adolat va haqiqatga intilishini shubha ostida qoldiradi. Muayyan ideallarsiz, ezgu orzu-niyatlarsiz, yorug‘ g‘oyalarsiz esa birorta mamlakat rivojlanmagan, ro‘shnolik ko‘rmagan. Bunday mamlakatning xalqaro obro‘si, xorij afkor ommasining unga bo‘lgan ishonchi xususida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Ayni shu haqiqatlardan kelib chiqib, Prezident «korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tish» vazifasini qo‘ymoqda. Bu – davlat va jamiyat boshqaruvi, ijro hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari, jamiki nazorat organlari faoliyatini faqat va faqat qonuniy asosda olib borish, o‘sha qonunlarda korrupsiyaga imkon qoldiruvchi birorta yoriq-kemtiklik bo‘lmasligiga erishish, davlat va jamiyat hayotining hamma jabhalarida shaffoflik, ochiqlik tamoyiliga qat’iy va muntazam amal qilish, bir so‘z bilan aytganda, «jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratish» demakdir.

Ishonamizki, yurtboshimizning xalq va mamlakat taqdirini, yaqin va olis kelajagini o‘ylab olib borayotgan bu qat’iy kurashida o‘zini shu aziz Vatanning farzandiman deb bilgan birortayurtdoshimiz chetda turmaydi. Bu «yovuz balo»ga qarshi kurashdagi g‘alaba esa ertangi kun egalari bo‘lmish o‘g‘il-qizlarimiz chinakam erkin, adolatli diyorda farovon yashashiga mustahkam zamin yaratadi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil davlat organining tashkil etililish, shubhasiz, mazkur ezgu maqsadlarimizga erishishda navbatdagi muhim qadam bo‘lib hisoblanadi.

Rahimjon Hakimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring